AsosiyJamiyat

Bir nafar fuqaro vafot etgan, 163 nafari jarohatlangan

'Bir nafar fuqaro vafot etgan, 163 nafari jarohatlangan'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, bugun, 28 sentyabr kuni soat 02:43 da Toshkent shahar Sergeli tumani “Quruvchi” MFY Xonobod ko`chasida joylashgan “Inter Logistics” MChJga qarashli omborxonalar hududida chaqnash oqibatida yong`in sodir bo`ldi. .  

Shunga ko`ra, yong`in-qutqaruv bo`linmalari soat 02:48 da yong`inga etib borib, tezkor harakatlar natijasida, soat 05:02 da yong`in qurshab olingan va soat 10:47 da batamom o`chirilgan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning topshiriqlariga asosan Bosh vazir o`rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida sodir bo`lgan favqulodda vaziyatni o`rganish, ko`rilgan talofatlarni bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam ko`rsatish bo`yicha Hukumat komissiyasi tuzildi.

Yong`in joyiga, O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri – Fuqaro muhofazasi boshlig`i A.Aripov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Bojxona boshqarmasi hamda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi xizmatlarning rahbarlari chiqqan.

Voqea joyida tegishli tashkilot va xizmatlar hamkorligida tezkor Shtab tashkil etildi.  

Ushbu vaziyat oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda. Jabrlanganlarning asosiy qismi salomatligi yaxshi bo`lganligi uchun ambulator tibbiy yordam ko`rsatilib, uyiga javob berilgan.    

Hodisa oqibatida yong`in yaqinidagi ko`p kvartirali uylarning birida bo`lgan 2006 yilda tug`ilgan 1 nafar fuqaro voqea joyida halok bo`lgan.  

Yong`inni bartaraf etish ishlariga, FVV va boshqa tegishli tashkilotlardan jami 210 ta texnika va 2000 dan ortiq shaxsiy tarkib jalb qilindi. Dastlabki o`rganish ishlariga ko`ra 15 ming kv.m omborxona maydonida yong`in o`chirilib, 30 ming kv.m maydoni saqlab qolindi.

Vaziyat to`liq nazoratga olinib, hozirda uning oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Sodir bo`lgan yong`in yuzasidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv ishlari va moddiy zarar miqdorini aniqlash ishlari Toshkent shahar Prokuraturasi, Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan hamkorlikda olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar