AsosiyJamiyat

“Jahongir Poziljonovni aytishgach, yashasa bo`larkan deganman”. Farg`onalik paypoqchi qanday qilib mashhur “momin.le”ga aylandi

'“Jahongir Poziljonovni aytishgach, yashasa bo`larkan deganman”. Farg`onalik paypoqchi qanday qilib mashhur “momin.le”ga aylandi'ning rasmi

Darakchi.uz bir oyog`idan ayrilgan, ammo maqsad va harakatlari uni avvalgidanda yaxshiroq kunlarga olib chiqqan zamondoshimiz bilan suhbatlashdi.

Abdumo`min Yusupov. Qo`qonlik bu yigit bir muddat sotuvchi, nonvoy, paypoqchi, yana eshik-romchi bo`lib ishlagan. Hayoti bir oddiy yigit tashvishlari bilan kechayotgan edi. Biroq kunlarning birida sodir bo`lgan kutilmagan baxtsiz hodisa mehnatkash, usta yigit taqdirini butunlay o`zgartirib yubordi. Taqdir charxpalagi bir aylandi-yu, usta Abdumo`min Yusupov yulduz “momin.le”ga aylandi. Ayni paytda O`zbekistonda o`zining ibratli videochiqishlari bilan mashhur blogerga aylangan Abdumo`min qanday baxtsiz hodisaga uchragan edi? U qanday qilib internet yulduziga aylandi? “darakchi.uz” bir oyog`idan ayrilgan ammo maqsad va harakatlari uni avvalgidanda yaxshiroq kunlarga olib chiqqan zamondoshimiz bilan suhbatlashdi.

Baxtsiz hodisa sizni blogerlik faoliyatini boshlashingizga sabab bo`lgani haqida aytasiz. Shu hodisa haqida gapirib bersangiz?

2017 yil men Ramazon oyida paypoq sexida oddiy ishchi bo`lib ishlardim. Ishxonadan 15 kunga “otpusk” olganman. Uyga kirib, 15 kunga sizlar uchun javob so`rab keldim, endi menga 1 kun uyg`onmagunimcha umuman tegmanglar, deb uxlashga kirib ketganman.

Ertalab buvim telefonda gaplashayotganlarini eshitgandim, opoqim bilan gaplashishgan. “Motorol”ni kimdir uyimizga olib kelsin, deganlarini eshitib qoldim. Uyda hech kim yo`q, Mo`minjon uxlayapti, dedilar buvim. O`shanda 17-18 yosh bola bo`lganman, texnikaga qiziqqan paytimiz... Uyqumdan sakrab turib, men minishni bilaman-da, deb ko`chaga olib chiqib ketganman. O`zi minishni, o`t oldirishniyam bilmasdim, aslida.

Tashqarida 1 soat o`t oldirishga harakat qildim, lekin o`xshamadi. Keyin, qo`shnilarimiz ortidan itarib yuborishdi.

500 metr ham yurmasdan men katta tezlikda “stolba”ga borib urganman. Oyog`im chekkadagi “bort”i bilan “stolba”ni o`rasida qolib ketdi. Shunda kesib tashlashga majbur bo`lishgan. O`zimga kelib, oyog`im yo`qligini ko`rgach, “shok” holat bo`lgan mendayam, ozgina to`palon qilganman, tinchlantiruvchi ukol qilishgan. 

O`zimni o`ldirmoqchi bo`lganman o`sha paytda. Hamshiraga “shu derazadan o`zimni tashlasam, o`lamanmi?” deb so`raganman ham. Xudo yoshligimdan dilimga solganmi bilmadim, yoshligimdan protezini ko`rishga qiziqqanman. Keyin, agar shunaqa narsa boshimga tushsa, o`zimni o`ldirvorsam kerak, deb o`ylardim. O`shanda hamshira opa “bu gapingizni bir marta aytdingiz, boshqa aytmang. Shu erda 3 kundan beri yotibsiz, sizni deb onangiz o`zlarini esdan chiqarib, ozib-to`zib ketdilar. Endi siz onangiz uchun yashaysiz”, deb aytdi.

O`sha-o`sha ko`zim ochilgan. Do`xtir ham, “Jahongir Paziljonovni bilasan a, o`sha odamniyam oyog`i protez” deb meni aldab, “motivasiya” bergan. Keyin Jahongir Poziljonovni ko`rib, demak yashasa bo`larkan, deganman.

2020 yil yana kasal bo`lib, oyog`imni suyagidan yana ozgina kesishga to`g`ri kelib qoldi. Toshkentda “ToshMI”da kestirdim. O`shanda 15-20 kun bekorchi bo`lib internetda “o`tirdim”. O`shanda blogerlik rassa rivojlanayotgan payt edi, karantindan avval. Shularni ko`rib, nega men bloger bo`lolmasakanman, deganman. Shunda qiziqish boshlangan. O`sha paytlarda oqsashimdan, oyog`im yo`qligidan ustimdan kulishlaridan uyalardim. Komanda to`plab, o`zim kadr ortida ijod qilishni boshladim. Keyin karantin, karantidan so`ng komandamiz tarqala boshladi. Komanda tarqalib ketganidan so`ng men SMM mutaxassisi bo`lib ishga kirdim. O`sha erda har kuni video chiqarishim kerak edi, bir kuni protezim sinib qoldi. 1 hafta bo`ldi, men video chiqarmayapman. Keyin o`sha erdagi bolalar bilan kelishga holda ibratli video olganmiz. Birinchi ibratli video, blogerlikka qadam qo`yish o`sha erdan boshlangan deb hisoblayman. O`sha video “TikTok”da bir kunda 750 ming “prosmotr” olgan. 1 oyda 100 ming obunachi to`plaganmiz. 

Demak men 2017 yilda internetdan topolmagan motivatorim o`zim ekanman, deb, blogerlikka katta qadamni o`sha erda qo`yganman. 

Bugungi kunda imkoniyati cheklangan insonlar tomonidan ham juda katta tarixiy natijalar qayd etilmoqda. U xoh sport yo`nalishi bo`lsin, xoh ilm yoki boshqa yo`nalish. Mana, sizning misolingizda ham buni ko`ryapmiz. Lekin taqdirning bu og`ir sinovlaridan “sinib” qoladigan insonlar ham uchrab turishi tabiiy. Aynan sizni faoliyatingizni ko`zatib, hayotga qayta qiziqishi uyg`ongan insonlar bormi?

Menimcha ular yuzdan oshiq, mingga yaqin bo`lsa kerak. Haftasiga 10-15 ta odam yozib turadi, sizni ko`rib o`rnak oldim, sizni ko`rib “motivasiya" oldim, deb. Faqat imkoniyati cheklangan insonlar emas, sog`lom insonlar ham yozishadi. Men nolib yurgan ekanman hayotimdan, sizni ko`rib ko`zim ochildi, deb juda ko`pchilik yozadi. Yana ko`pchilik, o`zimda ham bo`lga bu holat, tushkunlikka tushib qolishadi, o`zlarini o`ldirishmoqchi bo`lishadi, bir xonaga qamalib olishadi, hech narsa yuraklariga sig`maydi va hayotdan uzilib qolishadi. Shunday odamlar meni ko`rib, “motivasiya” olishganlari bo`lgan.

O`zbekistondan tashqari, Qirg`iziston, Tojikistondan ham yozib turishadi. 

Bu baxtsiz hodisadan keyin shifokor ko`rigidan o`tib turasiz. U erdagi bemorlarga nimalar deysiz?

U erdagi bemorlarni jo`da ko`pchiligi sizga nima bo`lgan, deb savol bersam, yig`lavorishgani bo`lgan, uyalmaysizmi, deganlari bo`lgan. Men ularga bir narsani aytaman, yo`qotgan narsalarimizdan orttirgan narsalarimiz ko`proq, deyman. Xudo bergan bir sinov, deb ularga qo`limdan kelgancha ruhlantirib kelaman.

Shu darajaga etishingizda sizni qo`llab turgan insonlardan kimlarni e`tirof eta olasiz?

Endi bu blogerlik, vaynerlik ham bir progressga o`xshagan narsa, bir tushadi, bir ko`tarilib ketadi. Doim trendda yurib bo`lmaydi. O`sha paytda meni doim qo`llab keladigan, meni tashlab ketmaydigan faqat ukam bilan onam. Guruhdagi odamlar ham abadiy emas-da, ko`tarilib ketsangiz siz bilan, ozgina “sinib” qolsangiz o`zlariga boshqa guruh ochishadi. 

Asosan ibratli videolaringiz bilan boshqalardan ajralib turasiz. Lekin hozir guvohi bo`lyapmiz chiqishlaringiz orasida komediya janridagi videolar ham bor. Bunga sabab nima bo`lyapti?

Hamma auditoriyani ushlash maqsadida. Juda ko`pchilik menga, sizni 3-4 ta videolaringizni ko`rolyapmiz xolos, qolganiga bardoshimiz etmayapti, deb yozishni boshlashdi. Shundan so`ng ozgina hazil qo`shishga qaror qildik.

Blogerlik sohasida ustozingiz bormi?

Montaj sohasini hech kimdan o`rganmaganman. O`zim avval kompyuterda keyin telefonda o`rganganman, keyin “CapCut”, “VN” programmalarida montaj qilishni o`rganganman. Rang berishni bloger Husan akadan o`rganganman. Qolgan tomonlama hech kimdan hech narsa o`rganmaganman.

G`oyalar olish, ssenariylar yozish masalasichi?

Ssenariy yozishlarda ko`proq Hadislardan, kitoblardan o`qiymiz. Keyin hayotda bo`lgan voqealar va obunachilarimiz tomonidan yuborilgan ta`sirli voqealardan kelib chiqib ssenariy yozamiz. 

Yaqinda instagramingizda bir “storis” ko`rgandim. Unda “Agar videolarimda tushishni istamasangiz menga murojaat qilmang. Videolarimda chiqib, keyin uni o`chirvorishimni xohlasangiz, videoga sarflangan pulni qoplab bering, shundan so`ng video o`chiriladi” deb yozilgandi. Nega bunday deb yozgandingiz?

Bizda ko`proq qizlar bilan muammo bo`ladi. Uydagilardan ruxsat so`raganmiz, deb kelishadi va videoga tushishadi. Video keng tarqalgandan so`ng uydagilari bilmagan bo`ladi, keyin uydagilari bizga to`palon qilishadi. Bu asosan negativ rol o`ynagan odamlar bilan bo`lib turadigan holat. Oxirgi paytlarda bu kabi holatlar ko`payganligi sabab shu “storis”ni qo`yishga majbur bo`ldim.

O`zi umuman bitta video uchun qancha mablag` sarflanadi?

Unchalik ko`p emas. Har bir videoda reklama ketadi, lokasiya masalasi, ba`zida mehmonxona, restoran uchun pul sarflanadi. Bitta videoga o`rtacha 500 ming so`m pul sarflanadi.

Reklama narxi qancha?

Bitta post uchun vodiy sharoitida 500 dollar olamiz, “storis” esa 100 dollar. 6 ta platformaga qo`yib beriladi. 

Blogerlik, vaynerlik bu yaqindan paydo bo`lgan kasb-da. Hech birimiz ertaga nima bo`lishini bilmaymiz. Mabodo blogerlikni vaqt o`tib reytingi tushsa, odamlar kutayotgan “effekt”ni bermasa yoki yana boshqa bir sabab bo`lsa, keyinchalik hayotingizni qaysi soha bilan bog`laysiz? 

Men “akfa”chi bo`lganman. Bir yaqin aka bor, ular “bu ishingiz bilaman abadiy emas, qachondir baribir oldimga kelasiz”, deb aytadilar. Shu ishga qaytishim mumkin yoki shaxsiy biznes qilishim mumkin. 

O`zi umuman qachondir to`xtatish yoki o`zingizni boshqa yo`nalishda o`zingizni sinab ko`rish istagi bo`lganmi? 

Albatta bo`lgan, hozir ham bor. Agar taklif bo`lib qolsa, televidenie sohasida yoki aktyorlikda o`zimni sinab ko`rish istagim bor.

Instagram tarmog`ingiz orqali so`ngi paytlarda chet ellardan ham reklama ko`rishni boshladik...

2022 yil Sankt-peterburgga borganimdan boshlandi. U erda urush boshlanib qolgani uchun men qolib ketdim, biletlar narxi 10 ming dollargacha ko`tarildi. Shunda Rossiyada ham 10 ga yaqin video oldim va u erdagilar ham tanib qolishdi.

Sizga mazmunli suhbat, vaqtingizni ayamay kelganingiz uchun katta rahmat. Agar aytmoqchi bo`lgan gaplaringiz bo`lsa aytishingiz mumkin.

Men aytadigan gapim, odamlar menga sen ko`pchilikni aldaysan, o`zi oyog`ing bormi yo`qmi, deb juda ko`p video chiqarishimga qaramay yozishadi. Ularga javobim, mening oyog`im yo`q, atayin qilib olmaganman.

    Boshqa yangiliklar