Ijtimoiy tarmoqlarda Qozog`istondagi masjidda imom namoz o`qiyotganda atrofida o`ynagan bolani urgani aks etgan video tarqaldi.
Ushbu voqeadan so`ng, Enbekshiqozoq tumani hokimligi xodimlari, Shelek qishlog`i aholisi, ruhoniylar, masjid jamoatchiligi hamda bolaning ota-onasi ishtirokida maxsus yig`ilish bo`lib o`tdi.
Yig`ilishda "Hidoyat" masjidi imom-xatibi o`z xatosini tan olib, bolaning ota-onasi va jamoatchilikdan uzr so`radi. Bolaning qonuniy vakillari imomning kechirimini qabul qilib, ikki tomon o`zaro kelishuvga erishgan.
Qozog`iston musulmonlari diniy boshqarmasi bu voqeadan tegishli xulosa chiqarib, qo`pollikka yo`l qo`ygan imomga nisbatan chora ko`rdi.
Bosh muftiy buyrug`i bilan "Hidoyat" jome masjidi imom-xatibi lavozimidan ozod etildi.
"Kelgusida bunday noxush holatlarning oldini olish maqsadida boshqa imomlar bilan ham tegishli tushuntirish ishlari olib borilmoqda", deyiladi xabarda.