Surxondaryo viloyati paxtakorlari mamlakatimizda birinchi bo`lib, joriy yilgi paxta topshirish shartnomaviy rejasini ortig`i bilan bajardi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Qabul punktlariga 268 ming tonnadan ziyod xom ashyo topshirildi.
Joriy yil viloyatda 12 ta paxtachilik–to`qimachilik klasteri va ikki ming 96 fermer xo`jaligi 72 ming 270 gektar maydonda mahalliy iqlimga mos, ertapishar “Buxoro-102”, “Buxoro-108”, “Buxoro-110”, “Namangan-77”, “Sulton” kabi ertapishar va “Termiz-202”, “SP-1607”, “ST-1651” singari ingichka tolali g`o`za navlarini parvarishlagan.
Paxtachilik uchun ob–havo noqulay kelgan va suv taqchilligi kuzatilgan yilda dehqonlarning omilkorlik bilan qilgan mehnati evaziga mo`l hosil to`plandi. Paxta yig`im–terimini uyushqoqlik bilan amalga oshirish uchun 1 ming 529 ta otryad tuzilib, 167 ming nafardan ziyod terimchi, 1 ming 180 ta traktor va 1 ming 983 ta tirkama jalb etildi. Shartnomaviy reja 30 kunda ortig`i bilan uddalandi. Hosilning asosiy qismi yuqori navlarga sotildi.
Viloyat hokimi Ulug`bek Qosimov ishtirok etib, paxta rejasini bajarishga munosib ulush qo`shgan klaster va fermer xo`jaliklari rahbarlari, mutasaddilar, mexanizator, suvchi va terimchilarga chuqur minnatdorlik bildirdi.
Viloyatda paxta yig`im–terimi qizg`in davom etmoqda.