Bugun Toshkent shahar sudida Abduqodir Mo`minov (1990 yilda Surxondaryo viloyatida tug`ilgan, “Oynaga qarang” MChJ rahbari, muqaddam sudlanmagan) ga oid jinoyat ishi sudlanuvchi va uning himoyachilari tomonidan jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudining 2023 yil 4 avgustdagi hukmi ustidan berilgan shikoyatlariga asosan apellyasiya tartibida ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, mazkur jinoyat ishi Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati sudyasi D. Rajabov raisligida hamda sudyalar M. Ahmedov va H. Shamshievdan iborat sud tarkibida ko`rib chiqilgan.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasining 2023 yil 6 oktyabrdagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining A. Mo`minovga nisbatan chiqarilgan hukmi o`zgarishsiz, apellyasiya shikoyatlari esa qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Ushbu ajrim ustidan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atiga kassasiya tartibida shikoyat berilishi yoki protest keltirilishi mumkinligi ma`lum qilinadi, deyiladi xabarda.
06.10.2023 19:34
Abduqodir Mo`minovga nisbatan chiqarilgan sud hukmi o`zgarishsiz qoldirildi






