O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazarov ilm olish, unga rag`bat uyg`otish va sharoit yaratishning ham savobi kattaligi haqida gapirdi.
“Qur`oni Karimda birinchi kelgan oyat ilm bo`ldi. Suralarni o`rganib chiqsangiz, juda ko`p joyda Alloh ilmga targ`ib qilgan… Ilm olishlik har bir musulmon — erkak va ayolga farz deganlar… Ilm, olimlik — mana bu Islomning eng birinchi shioriga aylandi. Chunki ilmli odam Allohni taniydi, ma`rifatli odam yurtini, Vatanini sevadi, boshqalarga yaxshilik qiladi. Dinimiz jaholat emas, ma`rifat ustiga qurilgan. Masjid qurishlik yaxshi, biz mana bu erga masjid quring, degan joyga qurib bersa — savob. Lekin bugun maktabga juda katta ehtiyojimiz tushyapti. Chunki maktab bizning kelajagimiz. “Tasavvur qiling, har yili 1 million bola uchun o`quv sharoitini yaratish kerak. Davlatimiz rahbari, hukumatimizga ming rahmat, maktablar qilib beryapti… Lekin yurtning fidoyi insonlari, boy-badavlat kishilar shu yurtdan mablag` topyapsiz, kelajagimiz, bolalarimiz uchun maktab qurib bering. Bog`chalar, shifoxona, yo`l, ko`prik quring. Mana bu ham juda katta savob.
Masjid qurish degani bu musobaqalashish degani emas, bu ibodatxona. Shunaqa bir loyihalar bilan kelishyaptiki, hayron qolasiz. Bitta minora qurish uchun salkam 3 milliard so`m ketar ekan. Shu bitta minorani qursak, xalqimiz ma`naviyatiga, yoshlarimiz ilmiga, kambag`al bo`lib qolgan kimsalarga nima yordam beradi, degan savolni beryapman. Yo`q, hech narsa qilmaydi bitta minora. Bu isrof emasmi?! Mana shu 3 milliard pulga bitta chiroyli maktab tushar ekan, shu pul qancha bemorga yordam bersa bo`ladi”, — deydi Musulmonlar idorasi raisi.