Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining viloyat mahalliy byudjeti qo`shimcha manbalari hisobidan mablag`larni yo`naltirish ko`zda tutilgan qarori qabul qilindi. 9 oktyabr kuni qabul qilingan qaror bilan 23 milliard so`mdan ortiq mablag` turli maqsadlar uchun yo`naltirilgan.
Qaror ilovasiga ko`ra, viloyat mahalliy byudjetining qo`shimcha manbalari hisobidan “Eng tashabbuskor sektor” nominasiyasida g`olib bo`lgan Qarshi shahar 1-sektor rahbari, ya`ni shahar hokimi Normo`min Xolboevni rag`batlantirish uchun 56,2 million so`m mablag` ajratilgan. Bunga Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 avgustdagi 536-sonli qarori asos qilib olingan.
Ma`lumot uchun aytish joizki, sentyabr o`rtalarida Qarshi shahri hokimi Normo`min Xolboev o`zini rag`batlantirish uchun 75 million so`m mablag` ajratish haqida qaror chiqargandi.
Shundan so`ng, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko`rish to`g`risida taqdimnoma kiritilgan. Taqdimnomaga asosan, Qashqadaryo viloyat hokimining 2023 yil 19 sentyabr kuni 414-4-0-Q/23-son qarori bilan Qarshi shahar hokimining ushbu qarori bekor qilingan edi.






