Avvalroq, O`zbekiston prezidenti maslahatchisi Qahramon Quranboev Rossiya hukumatidan mamlakatda migrant bolalar uchun bog`cha va maktablar ochishga yordam berishni so`raganda Rossiya dumasi deputati Mixail Delyagin esa bu tashabbus noqonuniy ekanligini aytgan fikrlarizni e`lon qilgan edik.
“Yuksashish” rahbari Bobur Bekmurodov ham rus deputatining o`zbek migrantlari borasidagi chaqirig`iga javob qaytardi.
"Emishki, bu Rossiya konstitusiyasiga zid bo`lib, diskriminasiyaga sabab bo`lar ekan.
Qolaversa, rus deputati O`zbekistonga qarata jiddiy ayblovlarni ilgari surdi. Uning fikricha, bu harakatlar Rossiya ichkarisida ruslar uchun begona va dushman anklavlarni yaratishga qaratilgan ongli siyosatdir.
Shu bilan birga, u O`zbekiston Rossiyaga “siqib chiqargan” o`z fuqarolarini qaytarishi lozimligini bildirgan.
Birinchidan, har qanday mamlakat o`z fuqarolari to`g`risida qayg`urgan holda, ularga zarur sharoitlar yaratish bo`yicha tashabbuslarni ilgari surishi normal holdir. Ushbu tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish so`zsiz Rossiya qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Ikkinchidan, Rossiyada mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz, tabiiyki, halol mehnatlari evaziga o`z oilalarini moddiy ta`minlamoqdalar, Rossiya ularni tekinga boqmayapti. Bu borada ularning aksariyati yoshlarni tashkil etgan holda, o`zlarining ayni kuchga to`lgan davrlarida Rossiya iqtisodi uchun xizmat qilmoqdalar.
Uchinchidan, rus deputatining ittifoqchi mamlakatga nisbatan bu kabi o`ta og`ir ayblovlarni ilgari surishi Rossiya bilan munosabatlarda hattoki eng yaqin hamkorlarini ham xushyorlikka da`vat etadi.
To`rtinchidan, o`rtoq Delyagin Mixail, agar siz aytgandek, Rossiya Federasiyasi kabi katta mamlakatni mehnat migrantlari “parchalay” olsa, oldingizda davlatchilikni mustahkamlash bilan bog`liq boshqa muhimroq vazifalar turibdi.
Mixail, bizda erkin OAV bor, Duma deputatlari aytayotgan fikrlar O`zbekiston jamoatchiligiga etib boradi va shubhasiz mamlakatingizga nisbatan salbiy fikrni shakllantiradi. Davom eting." deydi Bobur Bekmurodov.