1

Andijonda to`xtatilgan “BYD” ichida 5593 qutida 8 xil turdagi qalbaki dori vositalari aniqlandi (video)

Jinoyat 07.12.2023, 14:49
Andijonda to`xtatilgan “BYD” ichida 5593 qutida 8 xil turdagi qalbaki dori vositalari aniqlandi (video)

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Bojxona boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida, sifati kafolatlanmagan hamda qalbaki tibbiyot dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo`yildi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati xabar bermoqda.



Xususan, Oltinko`l tumanida yashovchi, 1987 y.t. fuqaro boshqaruvidagi “BYD” rusumli avtomashina Andijon shahridagi “Yangibozor” savdo majmuasi oldida to`xtatilib, ko`zdan kechirilganda, uning yukxonasida tegishli hujjatlari bo`lmagan 171 quti “Ferrouz” nomli dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsning yashash xonadonida jami 5593 qutida 8 xil turdagi qalbaki dori vositalari va ularni qadoqlashda foydalaniladigan bo`sh qutilar, turli xildagi dori vositalarining yo`riqnoma va yorliqlari borligi ma`lum bo`ldi. 
Shuningdek, mazkur noqonuniy ishga aloqador bo`lgan 3 nafar fuqaroning yashash xonadonlari hamda ularga tegishli bo`lgan manzillarda ham ko`p miqdordagi qalbaki dori vositalari borligi aniqlandi. 

Olib borilgan tezkor-tintuv tadbirlari natijasida umumiy qiymati 700 mln. so`mdan ortiq bo`lgan, jami 14 turdagi 10686 dona dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Mazkur shaxslar o`zaro kelishgan holda yashash xonadonlarida qalbaki dori vositalarini tayyorlab, kelgusida sotish maqsadida Andijon shahridagi tug`ruqxonalar, shifoxonalar, xususiy klinikalar hamda Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg`ona viloyatlari va Toshkent shahriga etkazib berishgan. 
Ko`rilgan chora-tadbirlar natijasida 5000 qutidan ortiq qalbaki dori vositalari qaytarib olinib, aholi orasida tarqalishining oldi olindi. 

Boshqa holatda esa Andijon shahrida yashovchi, 1990 y.t. fuqaro sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo`lmagan dori vositalarini Andijon va Qashqadaryo viloyatlaridagi dorixonalarga yuborayotgan vaqtida qo`lga olindi.

Shuningdek, ushbu shaxsning yashash xonadonida o`rnatilgan talablar darajasida saqlanmayotgan, umumiy qiymati 250 mln. so`m bo`lgan 5000 dona sifati kafolatlanmagan dori vositalari hamda qadoqlashda foydalaniladigan bo`sh qutilar, turli xildagi dori vositalarining yo`riqnoma va yorliqlari borligi ma`lum bo`ldi va tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186 prim 3-moddasi bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1