Prezidentning 8 dekabr – O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi kuni bilan O`zbekiston xalqiga bayram tabrigi e`lon qilindi.
"Konstitusiya milliy davlatchiligimiz, suverenitetimiz, shu kunga qadar erishgan barcha yutuq va marralarimiz, demokratik huquqiy davlat barpo etish yo`lidagi sa`y-harakatlarimizning mustahkam poydevori hisoblanadi. Asosiy Qonunimizning jonajon O`zbekistonimiz taraqqiyotidagi beqiyos ahamiyatini yuksak qadrlaymiz.
Albatta, bu yilgi bayram ijtimoiy-siyosiy hayotimizda, mamlakatimiz rivojida alohida ma`no-mazmunga ega. Bu, avvalo, shu yil 30 aprelda milliy tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi asosida Konstitusiyamiz yangi tahrirda qabul qilingani bilan bog`liq, desak, ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz.
Hech shubhasiz, tom ma`noda xalqchil qomus bo`lgan Asosiy qonunimiz Yangi O`zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko`lamli islohotlarimiz ortga qaytmasligining mustahkam huquqiy kafolati bo`lib xizmat qiladi.
Yangi tahrirdagi Konstitusiyamizda O`zbekistonning besh ustuni, ya`ni suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qat`iy belgilab qo`yildi, uning mazmuni tubdan takomillashtirilib, yangi bob va moddalar bilan boyitildi.
Biz o`z oldimizga qo`ygan ezgu maqsadlarga etishda Asosiy qonunimizda muhrlangan barcha qoida va tamoyillarni amalga oshirmoqdamiz. Jamiyatimizda Konstitusiya va qonun ustunligini ta`minlash, davlat organlari faoliyatini yangicha konstitusiyaviy-huquqiy sharoitga mos holda yo`lga qo`yishning ahamiyatini chuqur anglagan holda, bu borada tizimli ishlarni boshladik. Xususan, Asosiy qonunimizdan kelib chiqib, amaldagi qonunlarimizni yangi konstitusiyaviy normalar bilan uyg`unlashtirish yuzasidan jadal ishlar olib borilmoqda.
Bu haqda so`z yuritganda, qisqa muddatda 30 dan ziyod qonun va qonunosti hujjatlari yangi tahrirdagi Konstitusiyaga muvofiqlashtirilganini ta`kidlash lozim.
Konstitusiya va qonun ustunligi tamoyili – bu barqaror taraqqiyotning asosiy mezoni. So`nggi yillarda barcha islohotlarimizni ayni shu tamoyil asosida amalga oshirdik.
Yurtimizda yalpi ichki mahsulot hajmi oxirgi 6 yilda 1,5 martadan ortiq, tadbirkorlar soni 2 barobar va sanoatdagi o`sish 40 foizdan ziyod oshgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Shuningdek, joriy yilda ijtimoiy sohaga ajratilgan mablag`lar 134 trillion so`mni tashkil etib, 2016 yilga nisbatan 5,6 barobar ko`paydi.
Keng ko`lamli va tizimli islohotlarimiz natijalari xalqaro maydonda ham keng e`tirof etilmoqda. Jumladan, O`zbekiston Korrupsiyaga murosasiz munosabat bo`yicha xalqaro indeksda 32 pog`onaga, Matbuot erkinligi indeksida 28 pog`onaga, Huquq ustuvorligi indeksida 13 pog`onaga ko`tarildi.
Aziz do`stlar!
Biz inson qadr-qimmati va manfaatlarini ta`minlash bo`yicha boshlagan islohotlarimizni yangi konstitusiyaviy makonda yanada qat`iy davom ettiramiz. Xalqimizning xohish-irodasiga binoan Asosiy qonunimizda o`z aksini topgan tamoyillarni to`liq ro`yobga chiqarishimiz va hayotimizning ajralmas qismiga aylantirishimiz lozim.
Shu munosabat bilan oldimizda turgan eng muhim ustuvor vazifalarni qayd etmoqchiman.
Birinchidan, Konstitusiyamizda xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir, deyilgan. Ana shu qoidadan kelib chiqib, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan islohotlarimiz izchil davom ettiriladi.
Ikkinchidan, Konstitusiyani jamiyat hayotining barcha jabhalarida to`g`ridan-to`g`ri va bevosita qo`llash amaliyotiga o`tishimiz zarur. Shundagina xalqimiz Asosiy qonunimizning hayotbaxsh kuchi va ta`sirini teran his etadi.
Bu borada barcha davlat idoralari, jumladan, sudlar faoliyatida konstitusiyaviy normalarni to`g`ridan-to`g`ri qo`llashni joriy etish bo`yicha amaliy choralar ko`riladi.
Uchinchidan, sud-huquq islohotlari yangi konstitusiyaviy makonga uyg`unlashtiriladi. Bu jarayonda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yo`naltirish ustuvor vazifa bo`lib hisoblanadi.
To`rtinchidan, huquqiy ta`sir choralarini qo`llashda mutanosiblikni ta`minlash bo`yicha konstitusiyaviy prinsipni ro`yobga chiqarish maqsadida qonun hujjatlaridagi 150 dan ortiq ana shunday choralar to`liq qayta ko`rib chiqiladi. Jumladan, ayrim qilmishlarni jinoyatlar toifasidan chiqarish va jazo turlarini o`zgartirish, fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma`muriy javobgarlikni bekor qilish borasida huquqiy islohotlar amalga oshiriladi.
Beshinchidan, Konstitusiyamizda qat`iy belgilab qo`yilganidek, insonning sha`ni va qadr-qimmati daxlsiz bo`lib, uning huquqlari
va qonuniy manfaatlariga zid keladigan har qanday harakatlarga qarshi kurashish, hech shubhasiz, eng dolzarb vazifalarimizdan biridir.Ushbu yo`nalishda asosiy e`tiborimiz bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan samarali huquqiy mexanizmlarni joriy etishga, shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili, Bolalar ombudsmani va boshqa inson huquqlari bo`yicha milliy institutlar faoliyatini takomillashtirishga qaratiladi.
Oltinchidan, barcha islohotlarimizda inson va uning manfaatlari markaziy o`rinda turishi va xalqimiz farovonligi hamda qulay hayot kechirishini ta`minlash davlat organlari uchun bosh maqsad bo`lishi lozim. So`nggi yillarda shu maqsadda 300 ga yaqin davlat xizmatlari to`liq raqamlashtirildi va aholiga 50 milliondan ortiq xizmatlar ko`rsatildi.
Shu bois, fuqaro va davlat o`rtasidagi munosabatlarda mavjud byurokratik to`siqlarni keskin qisqartirish hamda ushbu jarayonlardagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish bo`yicha ishlarni izchil davom ettirishimiz kerak.
Ettinchidan, biz “Yangi O`zbekiston – ma`rifiy jamiyat” konsepsiyasi asosida konstitusiyaviy ta`lim masalasiga ham alohida e`tibor qaratmoqdamiz. Parlament tomonidan Konstitusiyani o`qib-o`rganish bo`yicha Milliy faoliyat dasturi qabul qilindi. Asosiy qonunimizni o`rganishni bolalar bog`chasidan boshlash, barcha darajadagi ta`lim muassasalari, aholining turli qatlamlari, ayniqsa, davlat xizmatchilari ushbu jarayonga to`liq jalb etilishi lozim. Shuning uchun davlat xizmatiga ishga kirishda Konstitusiya asoslari bo`yicha imtihonlar o`tkazish tizimini amalda tatbiq etishimiz zarur.
Sakkizinchidan, Konstitusiya va qonun ustunligini ta`minlashda davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish muhim ahamiyatga ega. Bu masalada fuqarolik jamiyati institutlarini qo`llab-quvvatlashga alohida e`tibor beramiz. Xususan, so`nggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlarning soni qariyb 40 foizga oshdi va ularni qo`llab-quvvatlashga 700 milliard so`mdan ortiq mablag` yo`naltirildi.
Shu bilan birga, fuqarolik jamiyatining muhim sharti bo`lgan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz lozim hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari faoliyatini qo`llab-quvvatlash hamda ijtimoiy hamkorlikni chuqurlashtirish bo`yicha aniq amaliy choralarni ko`rishda davom etamiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Dunyoning turli mintaqalarida ziddiyat va qarama-qarshiliklar, qurolli to`qnashuvlar tobora avj olib bormoqda. Oldimizda yangi-yangi muammolar paydo bo`lmoqda. Hozirgi o`ta murakkab va tahlikali vaziyatda barchamiz yanada birlashishimiz kerak. Tanlagan yo`limizdan qat`iy olg`a borishimiz zarurligini asrlar davomida ko`plab og`ir sinov va mashaqqatlardan munosib o`tgan mard va donishmand xalqimiz albatta yaxshi tushunadi.
Aminmanki, O`zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitusiyasi biz uchun bu yo`lda ulkan ishonch, kuch-g`ayrat va ilhom manbai bo`lib xizmat qiladi.
Biz Asosiy qonunimizga tayangan holda, mana shunday noyob Konstitusiyamizning asosiy ijodkori bo`lgan ko`pmillatli, bag`rikeng va olijanob xalqimiz bilan birga ulkan maqsadlarimizga albatta etamiz!
Yangi O`zbekistonni barchamiz birgalikda barpo etamiz!
Siz, aziz vatandoshlarimni Konstitusiya kuni bilan yana bir bor chin dildan qutlab, hammangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o`zi madadkor bo`lsin!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo`lsin!, - deyiladi davlat rahbari tabrigida.






