Dubayda BMTning Yovvoyi hayvonlarning ko`chib yuruvchi turlarini saqlash to`g`risidagi konvensiyasiga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Tadbirda BMTning Yovvoyi hayvonlarning ko`chib yuruvchi turlarini saqlash to`g`risidagi konvensiya hisoboti haqida ma`lumot berildi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yovvoyi hayvonlarning ko`chib yuruvchi turlarini saqlash to`g`risidagi konvensiyasi ijrochi kotibi Emi Frankel hisobot iqlim o`zgarishi ko`plab ko`chib yuruvchi turlarga bevosita ta`sir qilayotganini aniqlashga xizmat qilishini ta`kidladi. O`zlari yashaydigan ekotizimlarning ajralmas qismi bo`lgan migrasiya turlari iqlim o`zgarishi ta`sirini yumshatish va iqlim xavf-xatarlariga chidamliligini oshirish uchun muhim ekotizimlarni qo`llab-quvvatlaydi.
“Tabiat hayotimizning asosini tashkil etadi — ekotizimlar, oziq-ovqat, suv xavfsizligi, sog`lom iqtisodiyot barchamizga bog`liqdir. Ko`chib yuruvchi turlarning iqlim o`zgarishi natijasida duch keladigan muammolari esa atrof-muhitni muhofaza qilish bo`yicha muvofiqlashtirilgan global harakatlar zarurligini ko`rsatadi, shuning uchun Buyuk Britaniya tabiatni tiklash, biologik xilma-xillik yo`qolishini to`xtatish va erishish bo`yicha sa`y-harakatlarda etakchi rol o`ynaydi. 2030 yilgacha quruqlik va dengizning 30 foizini himoya qilishni maqsad qilganmiz”, – dedi Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining atrof-muhit, oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi masalalari bo`yicha Davlat kotibi Stiv Barklay.
Tadbirda zaif ko`chib yuruvchi turlarning o`zgaruvchan iqlimga moslashishiga yordam berish uchun tezroq harakat qilish zarurligi ta`kidlandi. Qo`riqlanadigan hududlarning keng qamrovli va o`zaro bog`langan tarmoqlarini yaratish hamda hududlarni muhofaza qilishning boshqa samarali choralari iqlim o`zgarishiga javoban turlarning harakatini qo`llab-quvvatlash uchun juda muhim hisoblanadi. Shu bilan birga, ba`zi hollarda insonning bevosita aralashuvi, masalan, turlarning zaif populyasiyalarini ko`chirish kerak bo`ladi.
"O`zbekiston ekotizim degradasiyasi, yashash muhiti va bioxilma-xillikning yo`qolishiga jiddiy ta`sir ko`rsatuvchi iqlim o`zgarishining salbiy ta`siridan eng ko`p jabr ko`rayotgan davlatlardan hisoblanadi. Hukumatimiz mintaqaviy transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash, biologik xilma-xillikni, ko`chib yuruvchi turlarni saqlash va himoya qilish bo`yicha sa`y-harakatlarni kuchaytirish, milliy, mintaqaviy va global miqyosda chora ko`rish tarafdori. 2024 yil 12-17 fevral kunlari Samarqand shahrida “Tabiat chegara bilmaydi” shiori ostida bo`lib o`tadigan Yovvoyi hayvonlarning ko`chib yuruvchi turlarini saqlash to`g`risidagi konvensiya (CMS COP14) tomonlar konferensiyasining 14-yig`ilishida bu boradagi muhim muammolarga e`tibor qaratiladi”, – dedi O`zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.
Ta`kidlash joizki, "Iqlim o`zgarishi va ko`chib yuruvchi turlar: ta`sirlar, tabiatni muhofaza qilish bo`yicha harakatlar, ko`rsatkichlar va ekotizim xizmatlarini ko`rib chiqish" hisoboti Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi hukumati tomonidan Tabiatni muhofaza qilish qo`mitasi yordamida taqdim qilinadi. Hisobot iqlim o`zgarishi bo`yicha konvensiya va Britaniyaning ornitologiya tresti (BTO) tomonidan tayyorlangan.
Hisobotda, shu bilan birga, haroratning global ko`tarilishi ko`plab ko`chib yuruvchi turlar guruhlariga salbiy ta`sir qilishi qayd etilgan. Xususan, iqlim o`zgarishi ko`chib yuruvchi turlarning tarqalishi va migrasiya vaqtiga ta`sir ko`rsatadi. Bu esa, masalan, suzib yuruvchilarda ko`payish davri va o`lja turlari eng ko`p bo`lgan vaqt o`rtasida nomuvofiqlikni keltirib chiqaradi.
Ta`kidlash joizki, biologik xilma-xillik global miqyosda misli ko`rilmagan sur`atlarda kamayib bormoqda va iqlim o`zgarishi bu inqirozning asosiy omillaridan biridir. 2021-yilda dunyodagi etakchi olimlar biologik xilma-xillikning yo`qolishi va iqlim o`zgarishi muammolari uzviy bog`liq ekanligini, ikkalasini birgalikda hal qilish lozimligini ta`kidlashdi. O`tgan yili qabul qilingan Kunming-Monreal global bioxilma-xillik dasturida iqlim o`zgarishiga qarshi kurashda tabiatga asoslangan echimlar muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etilgan. Ko`chib yuruvchi turlarni va ularning yashash joylarini saqlash ham biologik xilma-xillikni, ham ekologik muammolarni hal qilishning muhim qismidir.
“Ushbu hisobotda iqlim o`zgarishi butun dunyo bo`ylab migrasiyaga bog`liq bo`lgan ko`plab turlarga sezilarli ta`sir ko`rsatayotgani haqida ishonchli ilmiy dalillar keltirilgan. Vaqt ko`plab ikonik turlar uchun kelajakka ishora qilmoqda. Biz muammolarga echimlar topish mumkinligi haqida global xabardorlikni oshirishimiz kerak. Hukumatlarni ushbu hisobotdan harakat qilish, migrasiya turlariga yordam beradigan va iqlim o`zgarishi ta`sirini kamaytiradigan tabiatga asoslangan echimlarni izlash uchun foydalanishga chaqiramiz”, – JNCC va CMS COPning sobiq raisi Iqlim o`zgarishi bo`yicha maslahatchi professor Kolin Galbrait.
Ma`lumot uchun, JNCC — Tabiatni muhofaza qilish qo`shma qo`mitasi Buyuk Britaniyaning barcha to`rt davlati uchun tabiat borasidagi yagona tashkilot bo`lib, fan va tabiatni uyg`unlashtiruvchi ilmiy dalillar va maslahatlarni taqdim etib keladi. 30 yildan ortiq vaqt davomida JNCCning ishonchli tajribasi, fidoyiligi va ko`nikmalari tabiatni muhofaza qilish va tiklashga katta hissa qo`shib kelmoqda.
Suv bilan ta`minlanishning o`zgarishi suv-botqoq erlarining yo`qolishiga va daryolar oqimining qisqarishiga sabab bo`ladi, bu esa baliq va suv qushlarining migrasiyasiga ta`sir ko`rsatadi. Ko`chki va shunga o`xshash iqlim bilan bog`liq ekstremal hodisalar yashash joylarining jiddiy buzilishiga olib keladi. Ko`chib yuruvchi turlar ekotizim funksiyasi va iqlim o`zgarishini yumshatishda muhim ahamiyatga ega. Ko`pgina migrasiya turlari urug`lar va ozuqa moddalarining harakati va tarqalishi bilan bog`liq. Shuningdek, bu turlar qirg`oq eroziyasini kamaytirishga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida ko`chib yuruvchi turlarni iqlim o`zgarishining salbiy oqibatlaridan asrash uchun o`zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi ta`kidlandi.






