AsosiyJamiyat

Ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilishning tartibi o`zgardi

'Ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilishning tartibi o`zgardi'ning rasmi

Ichki ishlar vazirligining buyrug`i bilan Ichki ishlar organlarida xizmatga nomzodlarni tanlab olish tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish tartibi to`g`risidagi yo`riqnoma tasdiqlandi. 

Yo`riqnomaga muvofiq endilikda nomzodlarni xizmatga tanlab olish tadbirlari quyidagi saralash va o`rganish bosqichlarini o`z ichiga oladi:

a) saralash bosqichi:

  • ro`yxatdan o`tish;
  • dastlabki o`rganish;
  • intellektual rivojlanganlik darajasi va psixoemosional barqarorligini baholash;
  • test sinovi;
  • jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;

b) o`rganish bosqichi:

  • xizmatga yaroqlilik darajasini aniqlash maqsadida harbiy-tibbiy komissiya ko`rigidan o`tkazish;
  • psixofiziologik (poligraf) tekshiruv (ichki ishlar organlarida xizmat qilish uchun to`sqinlik qiladigan salbiy omillarni aniqlash maqsadida).

Test sinovlari belgilangan tartib asosida (umumiy o`rta, o`rta maxsus va professional ta`lim fanlarining o`quv dasturlariga muvofiq ishlab chiqiladi) Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o`tkaziladi.

 Test topshiriqlari har bir fandan 30 ta topshiriqni o`z ichiga oladi va har bir to`g`ri javob uchun quyidagicha ball beriladi:

Huquqshunoslik fani bo`yicha har bir to`g`ri javob uchun - 3,1 ball va jami - 93 ball;

O`zbekistonning eng yangi tarixi bo`yicha har bir to`g`ri javob uchun - 2,1 ball va jami – 63 ball;

tarbiya fani bo`yicha har bir to`g`ri javob uchun - 1,1 ball va jami - 33 ball.

Test sinovlari natijalariga ko`ra to`planishi mumkin bo`lgan umumiy 189 balldan kamida 134 ball to`plagan nomzodlar jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bosqichiga o`tgan deb hisoblanadi. Nomzodlar tomonidan bajarilishi lozim bo`lgan jismoniy tayyorgarlik mashqlari va ularni bajarishga qo`yiladigan talablar erkak va ayol nomzodlar uchun alohida belgilanadi.

 Quyidagilar erkak jinsidagi nomzodlar tomonidan bajarilishi lozim bo`lgan jismoniy tayyorgarlik mashqlari hisoblanadi:

kuch ishlatish mashqi – to`sinda (turnikda) tortilish;

tezlikka oid mashq – 100 metrga yugurish;

chidamlilikka oid mashq – 3 000 metrga yugurish.

Quyidagilar ayol nomzodlar tomonidan bajarilishi lozim bo`lgan jismoniy tayyorgarlik mashqlari hisoblanadi:

  • kuch ishlatish mashqi – kuch ishlatish mashqlari kompleksi;
  • tezlikka oid mashq – 100 metrga yugurish;
  • chidamlilikka oid mashq – 1000 metrga yugurish.

Tanlovning barcha bosqichlarida faqat “yaxshi” va “a`lo” baho olgan nomzodlar xizmatga qabul qilinadi.

    Boshqa yangiliklar