AsosiyJamiyat

Toshkentda har bir daraxtning pasporti shakllantiriladi

'Toshkentda har bir daraxtning pasporti shakllantiriladi'ning rasmi

"Yashil makon" elektron platformasida har bir daraxtga pasport shakllantiriladi va ID raqam beriladi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi tomonidan daraxtlarni pasportlashtirish jarayoni test rejimida 3 bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda aerokosmik tasvirlar va dasturiy vositalardan foydalangan holda mavjud daraxtlar to`liq xatlovdan o`tkaziladi (yakka tartibdagi uy-joylar hududidagi daraxtlar bundan mustasno). Keyin vazirlikning Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan tizim yordamida har bir daraxtning koordinatalari aniqlanadi.

Ikkinchi bosqichda xatlov natijasiga ko`ra aniqlangan daraxtlarning yoshi, turi, bo`yi, holati va joylashuv koordinatasini aks ettiruvchi ma`lumotlar bazasi shakllantiriladi.

Uchinchi bosqichda esa ma`lumotlar bazasi asosida «Yashil makon» elektron platformasida har bir daraxtga pasport shakllantiriladi va ID raqam beriladi.

Ta`kidlash joizki, daraxtlarni pasportlashtirish bo`yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida «Zamin» xalqaro jamoat fondi bilan tuzilgan shartnoma doirasida 100 dona GNSS uskunasi xarid qilish rejalashtirilgan. To`plamga daraxtning eng aniq joylashuvini aniqlash uchun GNSS qabul qiluvchilar va GNSS tayanch stansiyalari, lazer diapazoni, o`lchagich, planshetlar va maxsus Field map dasturi kiradi. Bundan tashqari, farmonda qo`shimcha 100 ta GNSS qurilmalari to`plamini xarid qilish ko`zda tutilgan.

Daraxtlarni pasportlashtirish jarayoni quyidagi imkoniyatlarni beradi:

– Daraxtlarning soni, joylashuvi, turi, balandligi, diametri va holati to`g`risida aniq ma`lumotlarga ega bo`lgan doimiy yangilanib turuvchi geoaxborot bazasini yaratish;
– daraxtlarning to`liq hisobini yuritish, ularni mas`ul idoralarga topshirish, daraxtlarni saqlash va parvarish qilishni ta`minlash;
– soni va joylashishiga qarab yangi daraxtlarni ekish, shuningdek, eskilarini holati va turiga qarab almashtirishni rejalashtirishda qaror qabul qilish;
– shahar obodonlashtirish ishlarini rejalashtirish va er ajratishda daraxtlar haqida aholini batafsil xabardor qilish;
– Daraxtlarni noqonuniy kesish ustidan nazoratni kuchaytirish. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 avgustdagi 464-son qaroriga asosan daraxtlarni noqonuniy kesish natijasida o`simlik dunyosiga etkazilgan zarar miqdori daraxtning turi va diametridan kelib chiqib hisoblanadi.

    Boshqa yangiliklar