Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahrida joylashgan XVI asrga oid tarixiy hammomning buzilishi bilan bog`liq xabarlar tarqaldi. Madaniy meros agentligi hududiy boshqarmasi tomonidan vaziyat joyiga chiqqan holda o`rganildi.
Rasmiy munosabatda aytilishicha, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 19 fevraldagi “Davlat mulki obektlaridan samarali foydalanish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoniga asosan barcha davlat mulkida turgan ob`ektlar “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali qayta ijaraga berilishi ko`rsatib o`tilgan. Yuqoridagi farmonga asosan Buxoro shahrining Haqiqat ko`chasida joylashgan “Bozori Kord” hammomining old qismidagi umumiy maydoni 16,0 kv.metrni tashkil etuvchi hujrasi auksion savdolariga chiqarilgan edi.
Mazkur auksion savdosi 2023 yilning 25 oktyabr kuni o`tkazilgan va fuqaro Akbar Sadikov Hojiqurbonovich ushbu auksionda №DA150-992202-sonli g`oliblik bayonnomasiga asosan yutib chiqqan. Fuqaro bilan 26 oktyabr kuni 734059/123-23-sonli uch tomonlama ijara shartnomasi tuzilgan.
“Bozori Kord” hammomidagi eshik 2017 yilda xorijiy sayyohlar uchun xorijiy valyuta ayriboshlash maqsadida hammomning g`arbiy tomonida qo`shimcha eshik ochish uchun tegishli ruxsatnoma olmasdan eshik ochish ishlari amalga oshirilgan. Natijada madaniy meros ob`ektiga 20 mln. so`mga yaqin zarar etkazilgan va mazkur zarar fuqaro A.Sadikovdan to`liq undirilgan.
Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi tomonidan A.Sadikov ijaraga olgan hujraning devorida fuqaro M.Rahmonova hunarmandchilik mahsulotlarini osib savdo qilib kelayotganligi sababli hunarmandchilik mahsulotlarini boshqa joyga ko`chirishni hamda fuqaro A.Sadikovni faoliyat olib borayotgan hujrasiga kirib chiqishiga to`sqinlik qilmasligini so`rab ko`rsatma xati berilgan.






