AsosiyJamiyat

Elektr energiyasiga hisoblagich orqali cheklovlar kiritilishi vaqtincha to`xtatildi

'Elektr energiyasiga hisoblagich orqali cheklovlar kiritilishi vaqtincha to`xtatildi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari” to`g`risidagi 22-sonli qarori tegishli bandiga asosan, iste`molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bo`lgan qurilmalarning minimal quvvatidan (hamda joylashgan hududidan) kelib chiqib, hisoblagich orqali 10-15 kW quvvat doirasida cheklov kiritilish amaliyoti joriy etilishi belgilangan.

Shunga asosan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan joriy yil 12 dekabrdan elektr energiyasini hisobga olish va avtomatlashtirish tizimi (ASKUE) orqali kiritilgan mazkur chora eskirgan va ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan elektr tarmoqlari va transformator punktlari joylashgan ma`lum bir hududlarda iste`molchilarni uzoq vaqt elektr ta`minotidan uzilib qolmasligini ta`minlash maqsadida favqulodda holatlar yuzaga kelganda qo`llanildi.

Respublikamiz barcha hududlarida ayni amaliyot qo`llanilishi natijasida joylarda 100ga yaqin transformator punktlarida hamda elektr tarmoqlarida vujudga kelishi mumkin bo`lgan avariyaviy hodislarning oldi olindi, natijada iste`molchilarga elektr energiyasi teng taqsimlanishi hamda ko`plab iste`molchilarning uzoq vaqt mobaynida elektr ta`minotidan uzilib qolmasliklari ta`minlandi.

Eslatib o`tamiz, bunday cheklovlar qish va yoz oylarida kuzatilgan noqulay ob-havo sharoitidagi vaziyatlarda ma`lum bir vaqt oralig`ida elektr tarmoqlarida ortiqcha yuklamalar tushishini oldini olish uchun va faqatgina uch fazali hisoblagichlar o`rnatilgan jismoniy shaxslarga nisbatan qo`llaniladi.

Ayni kunlardagi iste`molchilarning qayta tarmoqqa ulanmayotganligining asosiy sababi esa bir vaqtning o`zida 2 yoki undan ortiq tomonlama elektr tarmoqlarga ulanish natijasida 3 fazali elektron hisoblagichlarda nomutanosibliklar vujudga kelayotgani natijasida ro`y bermoqda.

Shuni alohida ta`kidlash kerakki, bunday holatlar yuz berganda iste`molchi tomonidan ortiqcha uskunalarni o`chirish (tarmoqdan ajratish), kuchlanishni belgilangan meyordan kamaytirish amaliyoti bajarilgandan so`ng hisoblagichning avtomatik ravishda yonishi dasturga kiritilgan, ya`ni agar xonadonda elektr toki ortiqcha yuklama natijasida o`chgan bo`lsa, yuklama kamaytirilgandan so`ng elektr ta`minoti avtomatik ravishda tiklanadi.

Solishtirish uchun, 15 kVt soat elektr energiyasi sarflash uchun bir vaqtning o`zida bir soat davomida 6 ta muzlatkich, o`rtacha 1,5 kVt quvvatli 3 ta kondisioner va 3 ta elektr pechi yoniq turishi kerak bo`ladi.

Shu o`rinda eslatib o`tmoqchimizki, noqulay ob-havo sharoiti tufayli aholi xonadonlarida elektr uskunalaridan ortiqcha foydalanilganda avtomatik tarzda tarmoqdan ajratish amaliyoti vaqtincha to`xtatildi.

    Boshqa yangiliklar