AsosiyJamiyat

Toshkentda tadbirkorlik va inson huquqlari bo`yicha davra suhbati bo`lib o`tdi

'Toshkentda tadbirkorlik va inson huquqlari bo`yicha davra suhbati bo`lib o`tdi'ning rasmi

15 dekabr kuni Toshkent shahrida «Tadbirkorlikda  ta`minot zanjiri bo`yicha inson huquqlariga rioya etilishini qo`llab-quvvatlashdagi mavjud muammolar va ularning echimlari» mavzusida davra suhbati bo`lib o`tdi. Tadbir Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi hamda EXHTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan birgalikda tashkil etildi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar qildi. 

Ushbu davra suhbati «2023-2024 yillarda EXHTning O`zbekistondagi loyihalarini amalga oshirish bo`yicha yo`l xaritasi» va «O`zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish uchun milliy institusional asoslarni yanada rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash» loyihasi doirasida o`tkazildi. Unda 30 dan ortiq davlat tashkiloti va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.

Anjumanning ochilishida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, EXHTning O`zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi v.b. Zilke Klyover, Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisiTilo Klinner hamda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro aloqalar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investisiyalar va turizm masalalari qo`mitasi raisi Ravshanbek Alimov so`zga chiqdi. 

Avvalo hozirgi davrda tadbirkorlik sohasi ta`minot zanjirida inson huquqlarini hurmat qilishni ta`minlashda davlat organlari vakillari va biznes tuzilmalari o`rtasida tajriba almashish va muloqotni yo`lga qo`yish masalalari nechog`lik dolzarb ekanligi ta`kidlandi. Bunda biznes tuzilmalari o`z faoliyatining turli bosqichlarida inson huquqlariga rioya qilishda duch kelayotgan qiyinchiliklarni faol aniqlash zarurligiga alohida e`tibor qaratildi.

A.Saidov BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 67-bandi barcha tadbirkorlarni barqaror rivojlanish muammolarini hal qilish uchun o`zlarining ijodiy va innovasion salohiyatidan foydalanishga chaqirishini qayd etdi. Shu ma`noda, Barqaror rivojlanish maqsadlari 2022 yildan boshlab yurtimizda Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasi va “O`zbekiston–2030” strategiyasi doirasida keng qamrovli islohotlar bilan bevosita uyg`unlikda amalga oshirilmoqda. 

Chunki ushbu xalqaro hujjat bilan har ikki dasturilamal milliy strategiyadagi maqsad va vazifalar bir-biriga to`liq mos keladi. Xususan, “O`zbekiston–2030” strategiyasida: barqaror iqtisodiy o`sish orqali daromadi o`rtachadan yuqori bo`lgan davlatlar qatoridan o`rish olish; aholi talablariga va xalqaro standartlarga to`liq javob beradigan ta`lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil etish; aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish; xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlat barpo etish; mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta`minlash kabi asosiy g`oyalar aks etgani buni yaqqol tasdiqlaydi.

Muhokamalarda O`zbekiston tomonidan Adliya vazirligi va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakili Kotibiyati mutaxassislari faol qatnashdi. Shuningdek, Ekaterina Gorbunova, Shohrux Po`latov, Andrea Salvini va Rut Pojman kabi xorijiy ekspertlar mavzu yuzasidan so`zga chiqdi. 

Davra suhbati doirasida tadbir ishtirokchilariga inson huquqlarini hurmat qilishda biznes sohasida duch kelinayotgan muammolarni muhokama qilish hamda yanada adolatli, barqaror va axloqiy biznes dunyosini qurish uchun amaliy echimlarni o`rganish imkoniyatlari yaratildi.

 

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar