Jinoyat ishlari bo`yicha Namangan shahar sudida Namangan viloyati prokurori o`rinbosarining Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish) 2-qismi “a” bandi va 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchi va Jinoyat-prosessual kodeksining 221-moddasi (ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan Namangan viloyati hokimining qurilish masalalari bo`yicha o`rinbosari lavozimida ishlagan Saidahmad Sultonov (1976 yilda Namangan shahrida tug`ilgan) ga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo`llash to`g`risidagi iltimosnomasi taqdim etilgan hujjatlar bilan ko`rib chiqildi. Bu haqda Namangan sudi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Jinoyat ishlari bo`yicha Namangan shahar sudining 2023 yil 16 dekabrdagi ajrimi bilan Namangan viloyati prokurori o`rinbosarining iltimosnomasi qanoatlantirilib, gumon qilinuvchi S. S.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilib, qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilandi.
Shuningdek, Jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro shahar sudida Buxoro viloyati prokurorining birinchi o`rinbosarining Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi, 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi (er berish tartibini buzish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchi va Jinoyat-prosessual kodeksining 221-moddasi (ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan Buxoro tumani hokimi lavozimida ishlagan Xayrillo Jo`raev (1973 yilda Buxoro viloyatida tug`ilgan) ga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo`llash to`g`risidagi iltimosnomasi taqdim etilgan hujjatlar bilan ko`rib chiqildi. Bu haqda Buxoro tuman sudi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro shahar sudining 2023 yil 16 dekabrdagi ajrimi bilan Buxoro viloyati prokurorining birinchi o`rinbosarining iltimosnomasi qanoatlantirilib, gumon qilinuvchi X. J.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilib, qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilandi.
Bundan tashqari Toshkent viloyatining Bekobod tumani hokimi Shuhrat Mirzaev 2023 yilning 15 dekabr kuni kechki payt xizmat uyidan olib ketilgan.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati mas`ullarining ma`lum qilishicha, Shuhrat Mirzaevning ishi Bekobod bilan bog`liq emas.






