Bolalar ombudsmaniga Keles shahrida yashovchi K.T. tomonidan uning 2019 yilda tug`ilgan qiz farzandiga nisbatan bolalar bog`chasida jinsiy tegajog`lik sodir etilgani haqida murojaat kelib tushgan.
Mazkur murojaatni Bosh prokuratura bilan birgalikda o`rganish natijasida Keles shahridagi xususiy bog`chada bo`lgan vaqtida bolaga nisbatan jinsiy tegajog`lik qilingani yuzasidan 2023 yil 15 dekabrda Jinoyat kodeksining 129-moddasi (16 yoshga to`lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan va hozirda Toshkent tumani IIB TB tomonidan dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari Toshkent tumani, Keles yo`li ko`chasida Z.B. o`zi yashab kelayotgan uyida 2023 yil 1 dekabrdan boshlab, tegishli ravishda ruxsatnoma olmasdan, hech qanday lisenziyasiz bolalar bog`chasi tashkil etgani aniqlangan.
Toshkent tumani sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo`limi tomonidan ushbu xonadon o`rganilganda, bu erda sanitariya qoidalari jiddiy ravishda buzilgani va bog`chada ishlagan G.Q. va Z.B. tibbiy ko`rikdan o`tmagani aniqlangan.
Jinoyat ishi tergovi davomida fuqaro Z.B.ning lisenziya olmasdan maktabgacha ta`lim muassasasi ochib faoliyat ko`rsatgani holatiga ham huquqiy baho berilmoqda.
“Mazkur jinoyat ishi tergovi viloyat prokuraturasi, Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan hamda Bolalar ombudsmanining bola manfaatlari yuzasidan kuzatuvi ostida”, — deyiladi xabarda.






