AsosiyJamiyat

⚡️Rossiya elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi

'⚡️Rossiya elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi'ning rasmi

Biroz avval, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo`yicha o`rinbosari Zaxar Prilepin sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federasiyasi tarkibiga qo`shib, ularning aholisiga rus tilini o`rgatish taklifini ilgari surgani haqida xabar bergan edik.

Shundan so`ng Oliy Majlis deputatlari Inomjon Qudratov hamda Bobur Bekmurodovlar rossiyalik amaldorga javob qaytardi. 

Bundan tashqari, rus amaldorining bu fikriga jim qarab turolmagan o`zbek faollaridan biri Rasul Kusherbaev "Mamlakatni bosib olishga yo`l qo`yish, qullikka rozi bo`lish demakdir!" deb o`z fikrini bildirdi. 

Shundan so`ng Xushnudbek Xujoyberdiev "O`zbekiston mustaqilligini shubha ostiga qo`yadigan, Vatanimizni yana mustamlaka qilishga olib boradigan har qanday targ`ibotga ayovsiz chora ko`rilishi kerak. "Ha, mayli endi, so`z erkinligi bu, shaxsiy fikrini aytibdi" degan bahonalar o`tmaydi. Har qanday so`z erkinligining chegarasi bor. Vatan mustaqilligi mavzusi muqaddas bo`lishi shart va zarur, bu mavzuda boshqacha talqinlarga o`rin yo`q", degan fikrlarni ilgari surdi. 

Shuningdek, Kusherbaev va Xudoyberdiev Tashqi ishlar vazirligidan qat`iy javob berishni so`radi. 

Shundan so`ng Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federasiyasining O`zbekiston Respublikasidagi Elchisi O.Malginov vazirlikka taklif etilganini xabar qildi. 

Xabarga ko`ra, joriy yilning 21 dekabr kuni Tashqi ishlar vazirligiga Rossiya Federasiyasining O`zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi O.Malginov taklif etilgan.
Uchrashuv davomida Rossiya vakiliga “Rossiya segodnya” matbuot-markazida bo`lib o`tgan anjumanda “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning O`zbekiston hududini Rossiyaga qo`shib olish zarurligi haqidagi taklifi mamlakatimizda chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingani qat`iy tarzda etkazilgan. 

Rossiya Federasiyasi kabi do`st mamlakat partiya rahbarlarining bunday o`ylamay bildirayotgan munosabatlari, afsuski, O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o`rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhiga mos kelmasligi ma`lum qilingan. 

Rossiya ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgan bu kabi bayonotlar ataylab provokasion ruhda bo`lib, xalqlarimiz o`rtasida o`rnatilgan tarixiy do`stona munosabatlarga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin.

O`z navbatida, O.Malginov to`liq mas`uliyat bilan Z.Prilepinning bayonotlari Rossiya Federasiyasi rahbariyatining do`st va mustaqil O`zbekiston to`g`risidagi rasmiy pozisiyasiga umuman aloqasi yo`qligini ta`kidlagani hamda Rossiya Federasiyasining O`zbekistondagi vakili sifatida Elchi "O`zbekiston Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi uning mamlakatida hech qachon shubhaga olinmagan"ligini bildirgani haqida yoziladi rasmiy axborotda. 

O.Malginov, shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yaqin vaqt ichida ushbu hodisa bo`yicha izoh berishni rejalashtirayotganini qayd etdi, deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar