Ilm-fan sohasida olib borilgan islohotlar natijasida, 2023 yilning dekabr holatiga ko`ra Fanlar akademiyasi tizimida 35 ta ilmiy tashkilot, jumladan 4 ta markaz, 3 ta muzey va boshqa yordamchi-xo`jalik tashkilotlar faoliyat olib bormoqda.
Ularda jami 5760 nafar xodim, jumladan 3034 nafar ilmiy xodim, 62 nafar akademik, 516 nafar fan doktori, 907 nafar fan nomzodi (falsafa doktori) faoliyat olib bormoqda. Kuni kecha yana 16 nafar olimlarimiz Prezident farmoni bilan akademiklik unvoniga ega bo`ldi.
– Fanlar akademiyasi tasarrufidagi 31 ta ilmiy tashkilot doktoranturalarida jami 686 nafar tayanch doktorant, 88 nafar doktorant, 146 nafar stajyor-tadqiqotchi va 120 nafar mustaqil-izlanuvchi tahsil olmoqda, – dedi AOKAda o`tkazilgan brifingda Fanlar akademiyasi axborot xizmati rahbari Gulnoza Sharafova. – Olimlarning, ayniqsa, yoshlarning chet ellarda stajirovka o`tashi va ilmiy hamkorlik qilishlari uchun byudjet mablag`lari hisobidan safarlarga yuborish amaliyoti yo`lga qo`yildi. Bugungi kungacha 100 dan ortiq xodimlar xorij mamlakatlariga ilmiy safarlarga borib keldi. So`nggi yillarda yosh olimlarni qo`llab-quvvatlash maqsadida yaratilayotgan shart-sharoitlar asosida akademiyaning 100 dan ortiq xodimi uy-joy bilan ta`minlandi.
Fanlar akademiyasi “Yoshlar bandligi dasturi” doirasidagi amaliy ishlari bilan mamlakat yoshlarini nafaqat ish bilan ta`minlash, balki ilm-fanga ham jalb etmoqda. Bu esa bugun butun dunyodagi eng katta muammolardan biri ilm-fanga yoshlarni jalb qilishdek masalaga echim bo`lmoqda.






