AsosiyJamiyat

O`zbekiston hech kimga mustamlaka bo`lmaydi—Tanzila Norboeva

'O`zbekiston hech kimga mustamlaka bo`lmaydi—Tanzila Norboeva'ning rasmi

Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo`yicha o`rinbosari Zaxar Prilepin sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federasiyasi tarkibiga qo`shib, ularning aholisiga rus tilini o`rgatish taklifini ilgari surgani haqida xabar bergan edik.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboeva “Putin jamoasi” ijtimoiy harakati a`zosi, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo`yicha o`rinbosari va “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning O`zbekistonni Rossiya Federasiyasiga qo`shib olish haqidagi gaplariga munosabat bildirdi. Bu haqda u bugun, 25 dekabr kuni “Senat raisi va yoshlar” ochiq muloqotida gapirdi.

“Mana ko`ryapsizlar, internetda “O`zbekistonni u qilamiz, bu qilamiz”, degan qanaqadir chiqishlar bo`lib ketdi, to`g`rimi? O`zbekiston hech qachon hech kimga mustamlaka bo`lmaydi. Bundan keyin bo`lmaydi. Mana shu narsani miyangizga qo`yib oling! Bilasizlar, buni men sizlarga targ`ibot qilishim kerak emas. Hammangizning yuragingizda shu bor”, degan Norboeva yoshlar bilan uchrashuvda.

Senat raisi mamlakatda jadidlar faoliyatini o`rganishga e`tibor kuchayganini va buning nima uchun muhim ekanini tushuntirgan.

“Mana jadidchilik faoliyatini nima uchun Prezident oldinga surib, harakat qilyapti? Shuni har birimiz o`rganishimiz kerak. Buni har birini o`rganinglar, deyapti Prezident. Chunki qaranglar, jadid otalarimiz-onalarimiz (ularning ichida ayollar ham bo`lgan ekan, shundan xursand bo`ldik) nima degan? Aytganki, o`y-xayolimiz ham, ishimiz ham bir xil bo`lishi kerak. Mana shularning hammasi bitta bo`lishi kerak va davlat sifatida har xil narsalardan o`zimizni himoya qilib, yorug`likka chiqishimiz, zamonaviy ilm-fan, zamonaviy kasblarni egallashga da`vat qilgan bizning jadid otalarimiz-onalarimiz. Ular qorong`ilikda qolib ketgan. Mana hozir Prezidentning sa`y-harakatlari bilan ular yorug`likka chiqdi”, deya ta`kidlaydi Norboeva.

    Boshqa yangiliklar