AsosiyJamiyat

Qarshida 5 yoshli bola onasi tomonidan qiynoqqa solinayotgani aytildi. Jinoyat ishi ochilishi rad etilganidan ota norozilik bildirmoqda

'Qarshida 5 yoshli bola onasi tomonidan qiynoqqa solinayotgani aytildi. Jinoyat ishi ochilishi rad etilganidan ota norozilik bildirmoqda'ning rasmi

OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Qarshida olti yoshga ham to`lmagan bola qiynoqqa solinayotgani haqida videoxabar e`lon qilindi. Holat yuzasidan Bolalar ombusmani munosabat bildirdi. 

Mazkur holat fuqaro A.U ning murojaati Bolalar ombudsmaniga kelib tushgan va hozirda har tomonlama o`rganish jarayonidadir.

Voqea 2020 yilda turmushdan ajrashgan L.J. va A.U larning farzandi 2018 yilda tug`ilgan A.Q. ota-onasidan qay biri bilan yashashi masalasiga oid o`zaro nizodagi ota-onalarga tegishli vaziyatdir.

Shuningdek, mazkur nizo doirasida otaning farzandiga onasi tomonidan zo`ravonlik va turli jarohat etkazganligi to`g`risidagi arizasi asosida o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida A.Q ga nisbatan sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. 2023 yil 6 noyabrda berilgan ekspertiza xulosasida bolaning tanasida “o`ng boldirni o`rta oldingi yuzasida qontalash” ko`rinishidagi tan jarohati borligi aniqlanib, mazkur tan jarohati sog`liqni qisqa muddatga buzilishiga olib kelmagan engil tan jarohati ekanligi e`tirof etilgan va  bunga ko`ra jinoyat ishi qo`zg`atilishi rad qilingan.

Bundan so`ng ham qo`shimcha tergovga qadar tekshiruv o`tkazilgan bo`lib, uning natijasida 2023 yil 29 dekabr kuni jinoyat ishini qo`zg`atish rad qilingan.

Shuningdek, 2023 yil 30 noyabrda Qarshi shahar tumanlararo fuqarolik sudi tomonidan chiqarilgan hal qiluv qaroriga ko`ra, bola o`z onasi bilan yashashi belgilangan.

Bugungi kunda ota U.A. sudning mazkur mazmundagi qarori ustidan norozi bo`lib, yuqori instansiyaga apellyasiya shikoyati bergan va bolaning o`zi bilan yashashini belgilashni talab qilmoqda.

Nizo hozirda ham davom etmoqda va Bolalar ombudsmani ushbu holat bo`yicha bola manfaatlari ustunligi nuqtai nazaridan o`z kuzatuvini davom ettirmoqda.

"Ommaviy axborot vositalari tomonidan ana shunday bahsli vaziyat yoritilayotganida ota-onaning o`zaro nizosi va bir-biriga nisbatan ilgari surayotgan da`volari natijasida, birinchi navbatda, ularning farzandi jabr ko`rayotgani, ikkala ota-ona o`rtasida sarson bo`layotganligini alohida e`tiborga olinishini so`raymiz❕

Jumladan, bolaning bevosita ishtirokidagi lavhalarni ochiqlash (hatto bunga ota-onasi rozi bo`lsa ham), uni savolga tutish, murakkab vaziyat bo`yicha fikrini so`rash bola manfaatlariga mutlaqo muvofiq emas.

Ayniqsa, mazkur videomaterialda aks etgan ayrim holatlar, xususan, 5 yoshli bola bilan ichki ishlar organlari xodimi va jurnalist psixolog yoki mutaxassis-pedagog ishtirokisiz suhbatlashishi prosessual qonunga hamda bola manfaatlariga oid qonun normalariga zid bo`lib, bunday harakatlarga yo`l qo`ymaslikka chaqiramiz", - deyiladi rasmiy munosabatda.

    Boshqa yangiliklar