Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy rasmiy tashrif bilan Litva poytaxti Vilnyusga keldi. Ukrainaning UNIAN agentligi xabariga ko`ra, u Litva prezidenti, shuningdek, Litva Bosh vaziri va Seymi raisi bilan uchrashishni rejalashtirgan.
Ukraina prezidenti bo`lgan samolyot taxminan soat 10:30da (Toshkent vaqti bilan 11:30) Vilnyus aeroportiga qo`ndi. Uni Litva tashqi ishlar vaziri Gabrielius Landsbergis kutib oldi. Vladimir Zelenskiy Litvaga Ukraina prezidenti sifatida to`rtinchi bor tashrif buyurdi. Oxirgi marta u bu erda 2023 yil iyul oyida NATO sammitida bo`lgan edi.
Litva prezidenti matbuot xizmati xabariga ko`ra, davlat rahbari Gitanas Nauseda va Vladimir Zelenskiy Rossiya-Ukraina harbiy mojarosini, shuningdek, Kievni moliyaviy qo`llab-quvvatlash masalasini hamda Ukrainaning Evropa Ittifoqi va NATOga integrasiyalashuv jarayonini muhokama qiladi.
Kunning ikkinchi yarmida davlat rahbarlari prezident saroyi oldida birgalikda Litva fuqarolariga murojaat qiladi. Ukraina prezidenti respublikada istiqomat qilayotgan ukrainalik qochqinlar bilan ham uchrashishi kerak.






