Andijonning eng boy odamlaridan biri, taniqli tadbirkor, “Rash milk”, “Recosement” korxonalari egasi Rahmiddin Mirzaev o`z joniga qasd qilgani haqida xabar bergan edik.
You tube platformasida Dalil.uz nomi bilan faoliyat olib borgan bloger videolaridan birida Mirzaening biznes hamkorlari Shukurovlar uning oilasiga bosim o`tkazayotgani va ular Mirzaevning o`g`li H. D. ni 4 yilga qamab ularning mol-mulklarini tolon-toroj qilgani, shuningdek, Shukurovlar tomonidan H. D. ga Steak house nomli restoranda bosim o`tkazilgani yoritilgan. Videoda aytilishicha, restoranda ikki o`rtadagi nizo oqibatida tadbirkorning otasi D.M A.Sh. tomonidan etkazilgan jarohatidan o`lganligi haqidagi fikrlar aks ettirilgan.
Bundan tashqari, videolarda Raxmiddin Mirzaevning Toshkent shaxrida A.Sh. bilan uchrashganidan 3 kun o`tib vafot etgani va Shukurovlar uning o`g`li H.D.ni 4 yilga qamatishgani ta`kidlangan.
Holat yuzasidan ushbu blog yurituvchisi 26 yoshli Nazarov Mashhurbekka nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi (Tuhmat), 130-1-moddasi (Tazyiqni, zo`ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ`ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish), 141-1-modda (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish), 141-2-modda shaxsga doir ma`lumotlar to`g`risidagi qonunchilikni buzish, 244-6-moddasi yolg`on axborot tarqatish kabi moddalar bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Bu haqda "Ovoza" informasion dasturida ma`lum qilindi.
Ushbu jinoyat ishi ustida kecha, 16 yanvar kuni JIB Mirzo Ulug`bek tuman sudida sudya Berdiev Baxrom Baxtiyorovich raisligida bo`lib o`tgan sud majlisida sudlanuvchi Nazarov Mashhurbek Jinoyat kodeksining 139-moddasi bilan aybli deb topilib, 57-moddasi bilan unga nisbatan BHMning 50 baravari miqdorida (16 million 500 ming so`m) jarima jazosi tayinlangan.
Nazarov Mashhurbek qolgan barcha moddalar bo`yicha oqlangan. Shuningdek, u JKning 47-moddasi tartibida bir yil muddatga blogerlik faoliyati bilan shug`ullanish huquqidan mahrum etilgan.






