1

Ko`p jahongir ko`rgan bu dunyo…

Mutolaa 17.01.2024, 23:00
Ko`p jahongir ko`rgan bu dunyo…

Tarixdan ma`lumki, Amir Temur saltanati bugungi 27 ta mamlakat hududini o`z ichiga oladi. Sohibqironning o`limidan so`ng, saltanat bir qator kichik davlatlarga bo`linib ketdi. Temuriylar qo`lida faqat Movarounnahr va Xurosonning bir qismi qolgandi, xolos.

Temuriy hukmdorlar orasida o`zining o`ta qattiqqo`lligi bilan dong taratgan Abusaid Mirzo (1451-1469) katta bobosi saltanatini tiklashga butun jon-jahdi bilan tirishadi. Dastlab Movarounnahr va Xurosonni birlashtiradi. Keyingi e`tibor Eron va Ozarboyjonga qaratiladi.

Bu paytda ushbu hududlarni turkmonlarning Oqqo`yunli urug`i vakili Uzun Hasan (1453-1478) boshqarardi. Uzun Hasanning ota-bobolari o`z vaqtida Amir Temurning sodiq beklaridan edi. Buni yaxshi bilgan Abusaid Uzun Hasanni ham o`zigaa tobe qilishni istaydi. Unga yozgan maktubida Abusaid bobosining qalamravi ostida bo`lgan erlarga da`vogar ekanini aytib, bo`ysunishni taklif etadi. Agar itoat qilsa,  Uzun Hasanga Misr va Rumni ham olib berishni aytadi. Uzun hasan avvaliga Abusaidga hurmat bilan yondashadi, u bilan sulh tuzishni istaydi, bir necha bor elchi jo`natadi. Ammo, andishaning otini qo`rqoq qo`ygan Abusaid 1468 yil qishning o`rtalarida Ozarbayjonga qo`shin tortadi. Yarim yo`lga etganda Uzun hasan yana Abu Saidga maktub yo`llab, Ozarbayjondan chiqib ketish uchun bahorgacha ruxsat berishni so`raydi. Abusaid esa, Uzun Hasanning bu uzrxohligidan yanada havolanib, ilgarilashda davom etadi. Ammo, haddan tashqari sovuq va oziq-ovqat tanqisligi Temuriy sultonning 50 ming kishilik qo`shinini holdan toydiradi. Amirlar va beklar Abusaiddan yuz o`girib, yarim yo`lda tashlab ketadilar. Uzun Hasan Abusaidning oz sonli qo`shini osonlik bilan mag`lub etib, uning o`zini asir oladi.

Bu paytda Abu Saidning ashaddiy raqiblaridan biri – temuriylar naslidan bo`lgan  Yodgor Mirzo (1451-1470) Uzun Hasanning saroyida vaqtincha yashab turgan edi. Oqqo`yunli hukmdori Abu Saidning taqdirini hal etishni Yodgor Mirzoga topshiradi. 1457 yilda Abusaid mirzo uning buvisi Gavharshod begimni o`limga buyurgan edi. Yodgor mirzo  buvisining xuni evaziga Abu Saidni qatl etadi.

Shu tariqa, bobosiga xos jahongirlikni da`vo qilgan sulton Abu Said Mirzo o`z vatanidan olisda hayot bilan vidolashadi. Sobiq imperiyani tiklash orzusi shu tariqa sarobga aylanadi.

Ha, jahongirlik, o`tgan fotihlarning ishini takrorlash  hammaga ham nasib etavermadi. Buni sobiq tuzumni tiklash ilinjida qo`shni o`lkalarga chang solishni boshlagan ayrim “jahongirlar” hali  tushunmayapti... Tushunganida... kech bo`ladi...

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1