Eksportni kreditlashga 200 million dollar resurs berilgan. Bundan tashqari, bu yil eksportchilarni qo`llab-quvvatlashga 800 milliard so`m yo`naltirilmoqda.
Lekin, Eksport agentligi tarmoq va hudud rahbarlari bilan birgalikda bu mablag`lardan samarali foydalanishini ta`minlay olmayotgani ko`rsatib o`tildi.
Masalan, eksport oldi moliyalashtirish uchun imtiyozli shartlarda ajratilgan har bir dollarga o`rtacha 5 dollarlik eksport to`g`ri kelayapti. Lekin, elektrotexnikada 2,5 dollar, qishloq xo`jaligida va farmasevtikada 3 dollarni tashkil qiladi.
Achinarlisi, ayrim korxonalarning eksport hajmi olingan kreditdan kam bo`lgan bo`lsa, ba`zilari kredit olib, umuman eksport qilmagan.
Shuningdek, o`tgan yili xalqaro standart joriy qilish va sertifikat olish uchun 4,5 milliard so`m mablag` berilgan 31 ta korxona eksport bilan shug`ullanmagan.
Eksport agentligi eksportchilarga haqiqiy ko`makchi bo`lish o`rniga davlatdan berilgan tayyor pulni yo`naltiradigan “buxgalter-kassir”ga aylanib qolgani tanqid qilindi.
Endilikda eksportni qo`llab-quvvatlash tizimi o`zgarishi belgilandi. Jahon savdo tashkiloti talablari asosida Eksport agentligi Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sifatida qayta tashkil etiladi.
Yangi tizimga muvofiq, Investisiya vazirligi chet eldagi qaysi bozorda qanday mahsulotlar xaridorgir ekanini aniqlaydi. Ularga kirish uchun hukumatlararo kelishuvlarga erishadi. Savdo-sanoat palatasi esa tadbirkorlarga yangi bozorlar talablariga moslashishga ko`maklashadi.
Kompaniya beradigan subsidiya, kredit va yordamlar yangi tadbirkorlik reytingi asosida, eng avvalo, yuqori qo`shilgan qiymatli mahsulot bilan yangi bozorlarga chiqayotgan eksportchilarga ajratiladi. 1 martdan ushbu tizimni joriy qilish topshirildi.






