AsosiyJamiyat

Bosh vazirga kamchiliklar qayd etilgan 18 ta tuman va shahar hokimlarining lavozimga loyiqligini ko`rib chiqish topshirildi

'Bosh vazirga  kamchiliklar qayd etilgan 18 ta tuman va shahar hokimlarining lavozimga loyiqligini ko`rib chiqish topshirildi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, ayni paytda Prezident raisligida eksport, investisiya va mahalliy sanoatda 2024 yilda turgan vazifalar bo`yicha yig`ilish bo`lib o`tmoqda.

Yig`ilishda qator hudud va tarmoqlarda ishga tushirilgan korxonalar va uskunalar eksport natijasiga ta`sir ko`rsatmaganiga aniq misollar keltirildi.

Loyihalar samaradorligi ustidan etarli nazorat olib borilmayotgani ko`rsatib o`tildi.

Endilikda har bir vazir o`rinbosari, boshqarma boshlig`i va vazirlik xodimiga korxonalarda ish o`rni yaratish, mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish bo`yicha maqsadli ko`rsatkichlar joriy etilishi belgilandi.

Elektrotexnika, qurilish materiallari, to`qimachilik, oziq-ovqat, farmasevtika, charm, parranda, zargarlik, ipak, mebel tarmoqlarida ishlamayotgan korxonalar, bekor turgan uskunalarni to`liq quvvatda ishlashiga ko`maklashish muhim ekani ta`kidlandi.

O`tgan yili 5 ta - baliqchilik, parrandachilik, zargarlik, asalarichilik, ipakchilik tarmoqlarida xorijiy investisiyani jalb qilish ishlari eng sust darajada bo`lgani ko`rsatib o`tildi.

Xorijiy investisiyalar hajmi 2023 yilda 1,6 barobar o`sgan bo`lsa-da, eng katta salohiyatga ega Samarqand va Toshkent shahrida bu ko`rsatkich imkoniyatga yarasha bo`lmadi.

Shuningdek, 12 ta tuman va shaharda o`zlashtirilgan jami investisiyalar o`tgan yilga nisbatan kamaygan.

Yoki, 6 ta tuman va shaharda o`zlashtirilgan investisiya 10 million dollarga ham etmagan.

Masalan, Shofirkon, Yangiobod, Nurobod, Paxtachi, Furqat va Xiva tumani hokimlariga konsalting kompaniyalar tomonidan 800 million dollarlik 241 ta tayyor investisiya loyiha takliflari ishlab berilgan bo`lsa-da, hokimlar tayyor loyihalarga ham investor topmagan.

Bosh vazirga ushbu kamchiliklar qayd etilgan 18 ta tuman va shahar hokimlarining lavozimga loyiqligini ko`rib chiqish topshirildi.

 

 

    Boshqa yangiliklar