Rossiya qo`shinlari nazorati ostidagi Ukraina sharqidagi Donesk shahri 21 yanvar kuni artilleriyadan o`qqa tutildi. Oqibatda 25 kishi halok bo`ldi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, “Tekstilshik” mikrorayonidagi “Merkuriy” bozori hujumga uchragan. O`zini o`zi mustaqil deb e`lon qilgan Donesk xalq respublikasi (DXR) rahbari Denis Pushilin hodisada Ukraina harbiylarini aybladi. U 25 kishi halok bo`lgani va kamida 20 kishi yaralanganini ma`lum qildi. Dastlab 13 kishi halok bo`lgani aytilgandi.
“Yangilangan ma`lumotlarga ko`ra, Kuraxovskiy va Krasnogorovskiy yo`nalishlaridan 152 mm va 155 mm kalibrli artilleriyadan kvartalga qo`shma zarba berilgan”, — deb Pushilin Telegram kanalida.
Rossiya Donesk o`qqa tutilgani uchun BMT xavfsizlik kengashining favqulodda yig`ilish o`tkazishini talab qildi. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakilining birinchi o`rinbosari Dmitriy Polyanskiyning aytishicha, uchrashuv 22 yanvar, dushanba kuni o`tkazilishi so`ralgan va unda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirok etadi.






