Prezident Shavkat Mirziyoev 22 yanvar kuni sog`liqni saqlash sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo`yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
“O`zbekiston – 2030” strategiyasida aholi salomatligini ta`minlash, tibbiyot sifatini oshirish bo`yicha ko`plab vazifalar belgilangan. Bu islohotlarni jadallashtirish va hayotga samarali tatbiq etish maqsadida xalqaro ekspertlar ishtirokida takliflar ishlab chiqildi.
Unga ko`ra, Sog`liqni saqlash vazirligi tuzilmasida davlat muassasasi shaklida “Sog`liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisini tashkil qilish taklif etilmoqda. U davlat tibbiy sug`urtasi tizimini hamda davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketini to`liq joriy etish, tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligi ustidan nazorat tizimini kuchaytirish, kadrlar salohiyatini oshirish, tibbiy ta`lim tizimi va ilm-fan sohasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish kabi yo`nalishlarga mas`ul etib belgilanadi. Shuningdek, bu markaz raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini jadallashtirish, xususiy sektorni kengaytirish, davlat xaridlari shaffofligini oshirish, farmasevtika sohasini isloh qilishga ko`maklashadi.
Loyiha ofisi faoliyatiga ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, oliy ta`lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali mutaxassislari, shuningdek, xorijiy ekspert va maslahatchilar shartnoma asosida jalb qilinadi.
Sog`liqni saqlash sohasida belgilangan islohotlar etuk kadrlar salohiyatini talab etadi. Shu bois bu borada bir qancha chora-tadbirlar ko`zda tutilmoqda.
Jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasining ta`lim dasturlari xalqaro akkreditasiyadan o`tkaziladi. Unda jamoat salomatligi, profilaktik tibbiyot, jismoniy faollik ixtisosliklari bo`yicha magistrlik yo`nalishlari ochiladi. Tibbiyot yo`nalishidagi talabalar bilimini xalqaro tan olingan tizim asosida, ikki bosqichda davlat imtihonlari orqali baholash yo`lga qo`yiladi.
Kelgusi o`quv yilidan boshlab, hududlardagi ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiyot oliygohlarining 200 nafar bitiruvchisi magistratura va klinik ordinatura dasturlari asosida etakchi xorijiy ta`lim muassasalarida o`qitiladi.
Shuningdek, ixtisoslashtirilgan xirurgiya, kardiologiya, endokrinologiya, dermatovenerologiya va kosmetologiya markazlari, Bolalar milliy tibbiyot markazi hamda Milliy tibbiyot markazi xalqaro akkreditasiyadan o`tkaziladi.
Joriy yilda amaldagi 40 ta sanitariya qoida va normalari qayta ko`rib chiqilib, xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma`qullab, mazkur ustuvor yo`nalishlarni amalga oshirish bo`yicha “yo`l xaritasi”ni tasdiqlash bo`yicha topshiriq berdi.






