Prezident raisligida uy-joy, qurilish, kommunal xo`jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan yig`ilish boshlandi.
Ushbu tizimda 3 ta vazirlik va idora, 3 ta inspeksiya, 5 ta kompaniya, hududlarda qurilish, uy-joy va kommunal xo`jaligi sohalariga mas`ul hokim o`rinbosarlari borligi, poytaxt va Toshkent viloyati hokimlariga qurilish va kommunal sohaga alohida o`rinbosar berilganiga qaramay, bu kompleks xalqimiz eng ko`p norozi bo`lib murojaat qiladigan sohalardan biri ekani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari qurilish sohasiga zamonaviy standartlarni joriy qilib, qurilish normalarini yangilash, ichimlik suvi tannarxi va tarmoqdagi yo`qotishlarni kamaytirish, mahalliy aviareyslarni ko`paytirish, Toshkent shahrida tirbandlikni kamaytirish va jamoat transportini yaxshilashdagi kamchiliklarni birma-bir sanab, mutasaddilarning bu boradagi ishlari qoniqarsiz ekanligini qayd etdi.
Shu munosabat bilan transport vaziri I.Mahkamov, uning birinchi o`rinbosari M.Omarov, IIV Yo`l harakati xavfsizligi xizmati boshlig`i O.Saidov va “Toshshahartransxizmat” AJ raisi A.Jo`raevga hayfsan e`lon qilindi va oxirgi ogohlantirish berildi.
Prezident raisligidagi yig`ilishda Iqtisodiyot va moliya vazirining o`rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Adiz Muzaffarovich Boboev Hisob palatasi raisi lavozimiga, palata raisi o`rinbosari lavozimini egallab kelgan Mehriddin Razzoqovich Abdullaev palata raisining birinchi o`rinbosari lavozimiga tayinlangani e`lon qilindi.
Shuningdek, yig`ilishda transport tizimini raqamlashtirish, yo`l qurilishi va ekspluatasiyasiga xususiy sektorni jalb qilish, temir yo`lda yuk tashish avtomobilga nisbatan 3 barobar ko`p vaqt talab qilayotgani, havo ifloslanishini oldini olish bo`yicha ilmiy asoslangan taklif va hisob-kitoblar qilinmayotgani bo`yicha tegishli vazirlik va idoralar faoliyatidagi qoloqliklar ko`rsatib o`tildi.
Kompleks tarkibiga kiruvchi vazir va hokimlarning rejalari va natijalari sust bo`lgan o`rinbosarlari ishdan bo`shatilib, ularga aniq KPI belgilanishi va shundan keyin bir yil muddatga shartnoma asosida ishga olinishi belgilandi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimlarida qurilish va kommunal xo`jaligiga javob beradigan 1 nafar o`rinbosar bo`lishi qaror qilindi.