1

QORA KO`YLAK

Mutolaa 16.11.2016, 12:20
Teglar: Yuragimda saqlaganlarim
QORA KO`YLAK

Birinchi marta otasiz o`g`il uylantirish xavfi butun borlig`ini larzaga soldi

O`sha kuni  ham havoning qovog`i ochilmay oqshom laylakqordan boshlangan qor ertasiga maydalab kun bo`yi erinmay yog`di. Kechka tomon  borib yanada  kuchaydi.  Sovuq havoda qor uchqunlari  uzun simyog`ochlardagi neon chiroq nurlarida yaltiragancha bir qarasang muz tomchilari kabi tovlanar, va yana bir qarasang ko`zni qamashtiruvchi allanimalarga o`xshab  ketardi.

Shu kuni ayol eri bilan  aytishib qolib, uni qattiq ranjitdi. Eri o`zlari yashaydigan besh qavatli uyning qo`shni yo`lagidagi hozirda hech kim turmaydigan ikki xonali kvartirani sotishga  xaridor topgandi. Xotini  kechagi maslahatda uyni sotishga ko`ngandi. Negadir bugun o`z-o`zidan fe`li aynidi, balki bu xonadon ko`z ochib ko`rgan uyi bo`lgani uchunmi yoki bolalari shu erda tug`ilganigami yoki endilikda ulg`ayib qolgan o`g`li va qizining kelajagini o`ylabmi, yoki sotilgan uy pulidan eri qishlog`idagi chalabitgan uyni bitkazaman deganigami, xullas o`zi ham aniq-tiniq bilmagan holda birdan to`nini teskari kiydi-da,   “sotmaymiz!” deb ikki oyog`ini bir etikka tiqib turib oldi. Bundan erining chaparasta jahli chiqib,  titrab-qaqshab baqira ketdi:

– Hoy, yaramas xotin, men sening kechagi labzingga ishonib erkak sifatida xaridorga so`z berib qo`ydim, axir! Tushunsang-chi! 

– Yo`q! Sotmaymiz dedimmi, sotmaymiz! – deya o`z gapini to`tiqushdek takrorlab ko`nmay turaverdi xotini yana.

– Axir o`zing necha marta aytgansan, hammada qo`sha-qo`sha mashina, biz ham itning keyingi oyog`idek sudralib yuravermay el qatori yashaylik deb. Mundoq er bo`lib, mashina minib, jilla qursa ertalablari ishxonamga tashlab o`tardingiz demaganmiding? Mayli men-ku o`tdim-a, bemoshin, endi hech bo`lmasa shu o`g`ling  mashina minsin, uzoqqa qatnab ishlayapti axir!

Baribir unamadi, chap yoni bilan turganmikan, qaysarligi tutib o`zinikini o`ral bilib atayin qilgandek eriga ters turib oldi. Eri o`zini tuta olmay shunaqangi baqirib-so`kindiki, hatto unga Xudodan o`lim ham tilab yubordi. Bu haqoratlarni aytarkan yuzlari juda yomon qizarib ketdi, ko`zlari ham har galgidan boshqacha –  yomon olaydi, ilk bor so`kishlari og`zidan to`liq chiqmadi, tili ikki-uch bor gapga aylanmay duduqlanib qoldi... Yuragi notekis urayotganini, nafas etishmayotganining kasri edi bu...

Shu kuni eri tun bo`yi bezovtalanib uxlolmay chiqdi, ikki-uch bor o`rnidan turib chiroqni yoqdi, havoning sovuqligiga  qaramay derazani ochib qo`yib ancha turdi, qo`llarini boshi uzra ko`tarib chuqur-chuqur nafas olishga urindi. Ayol ham uyg`onib, uyqusiragan odamdek yoqimsiz g`udrandi. Keyin o`ziga kelib, oralarida hech gap o`tmaganidek eridan hol so`radi:

– Ha, nima bo`ldi?

– O`zim shunday, – dedi eri avvaliga sir boy bermay. Bir ko`nglida  “bilib turib bilmaganga olmay o`l”, deb  basharasiga  aytmoqqa shaylandi. So`ng o`zining ahvolini o`ylab jahlini ichiga yutib rostiga ko`chdi. – Negadir nafasim qisilib, havo etishmayotgandek bo`layapman. 

Eri shunga yaqin gaplarni ikki-uch oydan buyon bot-bot takrorlab qo`yardi. Ayniqsa, asabiylashganda... Ayol erining gapga ortiqcha e`tibor bermay  yana uyquga ketdi.

                                                      * * *

Tong sahar uyg`ondi, yonida eri yo`q edi, badantarbiya qilgani balkonga chiqqandir-da, degan o`yda yana ko`zlarini yumdi. Biroq ancha vaqt o`tdi hamki eri kelavermadi. Shunda  erining tundagi gaplarini eslab, xovotirlangancha asta elkasiga xalatini tashlab bolkonga mo`raladi. Qarasa, o`tgan yili kuzakda nafaqaga chiqqan va endigina oltmishdan oshayotgan  eri – Javlon akasi yuragini  ustiga qo`llarini qo`yganicha chalqancha tushib yotardi.

                                                       * * *
“Tez yordam” mashinasi kasalxonaning jonlantirish bo`limiga olib bordi. Birinchi yurak huruji – mikroinfarkt ekan. Yaxshiyamki, oyoqda yurib o`tkazib yubormabdi,  kasalxonaga ham  vaqtida  keltirilibdi, aks holda...

Kasalxonada o`zini bilmay – “koma” holida bir kecha-kunduz yotdi. O`ziga kelib ko`zini ochganda qarshisidagi oq xalatli odamlarni ko`rib avvaligi ajablandi, so`ngra nimanidir uqqandek  ko`zlarini beholgina qayta yumdi. Xotini uning o`ziga kelganini eshitib doktorlarga yalinib-yolvorib birrov  erining oldiga kirib-chiqishga izn so`radi. Eri uning ovozini eshitib, ko`zini ochdi, unga begonalardek unsiz va ma`nosiz tikildi. Ayol picha nima deyarini bilmay tarashadek qotib turdi, keyin o`zini o`nglab:

– Tuzukmisiz? – dedi ham bezovtalik, ham tahlikalik ohangda. Uning ovozida “bizni kimlarga tashlab ketmoqchisiz”, degan hadikli titroq va qo`rquv bor edi.

Eri indamadi, gapirishni istamadi, asta qimirlab boshini devor tomonga o`girib oldi, negadir shu payt mijjalaridan yosh o`rmaladi. Shu ko`yi yotgancha xotiniga qaramay yotaverdi, anchadan so`ng go`yo tildan qolmaganini anglatmoqchidek:

– Uydan qora ko`ylagimni olib kel! – deb  pichirladi, xolos.

Javlon akasi boshqa hech gap aytmadi. Yonida unga hamrohlik qilgan  tojiklarga o`xshab ketadigan qirraburun, qoramag`izdan kelgan yosh va chiroyli doktor ayol uni koridor bo`ylab tuynukchasi bor kirish eshigi yonigacha kuzatib keldi-da,  ilgichni  surib eshikni ocharkan: 

– Qora ko`ylak mumkin emas! Bizda shunaqa, – dedi.

Ayol shifokorning bu gapi chinmi yoki hazilmi bilolmadi...  

                                               * * *
U eridan eshitgan “qora ko`ylak” haqidagi  gapni hech kimga aytmadi. Ammo yursa ham, tursa ham jonlantirish bo`limi shifokorining “Qora ko`ylak mumkin emas. Bizda shunaqa” degani sira xayolidan nari ketmasdi. Eri  nafaqaga chiqqach, o`tgan yili kuzakda qishlog`iga borib ilk bor tug`ilgan kunini u erda o`tkazib qaytganda olib kelgandi u ko`ylakni. Ikki tomonida ikkita cho`ntagi bor, manjeti ikki qavat qilib tikilgan xushbichim ushbu qora  ko`ylak haqida, uni kim sovg`a qilgani haqida churq etmagandi, hatto haziltepa qilib so`raganda ham miyig`ida kulganicha gapni boshqa yoqqa burgandi. Lekin aynan shu ko`ylakni xush ko`rib, tanasi yayrab kiyardi. U erining keksayganda qora rangga ko`ngil qo`yganini sira tushunolmasdi...

Eri bir hafta jonlantirish bo`limida yotdi. Bu orada ayolning ko`ngliga “qora ko`ylak” haqidagi gap necha marta kelib ketdi. U uydagi kirlar orasidan  eri suygan  o`sha qora ko`ylakni topib yuvdi, bolkonga osib quritdi, negadir uni har galgidan boshqacha mehri  iyib dazmolladi. Uning o`ylarini ham,  qilgan ishi ma`nosini ham bolalari – anchayin ulg`ayib qolgan va hozirda ishlayotgan o`g`li-yu qizi sezmadiyam. Ayol esa ularning to`yini  nafaqat o`zigina emas, mana shu qora ko`ylakni eslagan erining ham ko`rishini juda-juda istardi. Birinchi marta otasiz o`g`il uylantirish, qiziga kelgan sovchilarga otasi yo`q degan gapni qay  yo`sinda aytish xavfi uning butun borligini larzaga soldi. Shularni o`ylab eriga aytgan gaplaridan pinhona afsus chekardi. Uy nima ekan, erining sog`ayib ketishi,  bolalarining to`yida bo`y ko`rsatib turishi va  birga-birga orzu-havas ko`rishi uchun jonini ham berishga tayyor edi u shu topda... Nima bo`lganda ham oilada yaxshimi, yomonmi otaning bori yaxshi!

* * *
Erining jonlantirish bo`limida yotgan kunlar ayolga yilday uzoq tuyulib ketdi, soatlar kunga aylanib, azobda o`tdi. O`zini harchand chalg`itmoqqa urinsa-da, “reanimasiya – jonlantirish bo`limi” degan o`y  hech miyasidan ketmasdi. Agar eriga biror kor-hol bo`lsa... unda nima qiladi? Bolalari nima qiladi? Ulg`ayishib, ishlayotgan bo`lishsa ham, baribir, otaning o`rni boshqa, u hech qachon ota o`rnini bosolmaydi. Hali o`g`lini uylantirishi, qizini uzatishi kerak. Birovnikiga sovchilikka borsang, otasi yo`q degan gapni aytish qanchalik qiyin... Axir ota-onaning ko`zi ochiqligida farzandlari to`yini ko`rish boshqacha-da. E, namuncha yomon o`ylar unga yopishib olmasa... Ey Xudo, avvalo o`zing unday qora kunning yuzini teskari qil!.. Qora!..  Negadir bu so`z o`yiga kelgach, yana fikri chuvalashib qora ko`ylakka kelib taqaldi... Nega endi qora ko`ylak? Nega oq emas, ko`k emas, sariq emas, aynan qora...  yana boshqa joyda emas, aynan jonlantirish bo`limida yotganida...
Ayol buni qancha o`ylamasin, hech tagiga etolmadi...
Ertasiga ham ayol ne umidda kasalxonaga bordi. Ammo eri – u yaxshi ko`rib tekkan, uni chin dildan sevib qolib, unga uylangan – shu Javlon akasi shifokorlarga aytib qo`yganmi, mana necha kundirki, uni  oldiga kiritishmayapti, o`z dardi-yu g`amiga o`zi qovurilib jonlantirish bo`limining bir kishilik xonasida yolg`iz yotibdi...
Keyingi kun ham kechagisidan battar o`tdi. Negadir o`zining ahvoli ham yomonlashib, qon bosimi  oshib, orqa miyasi lo`qillab og`riydigan odat chiqardi. Doktorga chiqdi, doktor ahvolini ko`rib “dardingiz asabdan” deya kasallik varaqasi ochdi va dorilarni yozib bergach, hech qayoqqa chiqmay, hech narsani o`ylamay, aytilgan dori-darmonlarni ichib yotishni tayinladi. Yotish qayda? O`ylamay bo`ladimi? Dam olish kuni edi, tushlikda qizining “qo`ying, bugun o`zimiz borib kelamiz” deganiga qaramay, ne umidda bolalariga ergashib kasalxonaga keldi. Ahvol o`zgarmagan, chamasi, yana hech kimni ichkariga qo`yishmadi. Shundoq ham ezilib bitgan yuragi adoyi tamom bo`ldi. Erining ra`yiga qarshi chiqib aytgan gaplarini eslab tilini kesib tashlashga tayyor edi shu mahalda. O`sha gaplarni aytguncha tiliga chechak chiqsa mayliydi. Lekin bu gal ham ichini kalamushdek kemirayotgan dardini  bolalariga bildirmadi, Xudoyimga pinhona yolvorib mana shu ikki qora ko`zining baxtiga eriga sog`lik-omonlik tiladi...
Ayolning keyingi kunlardagi ahvolini tasvirlashga hojat bormikan? O`ylar, o`ylarga qo`shilib uni zimdan qiynayotgan kasallik uni shu kunlar ich-ichida so`litib, mushtdekkina  qilib qo`ygandek edi. Erini o`ylab, shifokor buyurgan  dorilarni ichish u yoqda tursin, tomog`idan durustroq ovqat ham o`tmay qo`ygandi... kechalari ham bir yostiqqa bosh qo`yib o`ttiz besh yildan ortiq birga yashagan erini eslab, mijja qoqmasdi... Kasalxonada  oldiga kirganda negadir ko`ngliga kelgan  “kechiring” degan so`zni ayta  olmaganidan ham afsus chekardi...

* * *
      ... Hafta oxirida ertalabki soat o`n birlarda uyidagi telefon cho`ziq jiringladi. Ayol uyda yolg`iz edi. Asta telefondagi raqam aniqlagichga qaradi va yuragi shuv etib ketdi: u kasalxona jonlantirish bo`limining raqami edi. Tanu joni qaqshab go`yo yuragi urishdan to`xtab qolgandek tuyuldi... Telefonning jiringi o`chdi va xiyol o`tmay yana jiringladi. Noiloj qo`rqa-pisa ne-ne havotirda go`shakni ko`tardi, “a`lo” deyishga ham majoli qelmadi.
        – A`lo, Javlon akalarnikimi? Nega indamaysiz? Kasalxonadan qo`ng`iroq qilyapman... 
Ayol ovoz egasini tanidi... o`sha istarasi issiq tojikbashara chiroyli ayol – Madina! Ayolning rangi quv oqarib ketdi, ichida bir narsa uzilgandek tuyuldi, oxiri o`zini bazo`r qo`lga olib:
– Eshityapman,– dedi  juda past ovozda.
– Eringiz haqida aytmoqchiydim: uni ahvoli ancha yaxshi.
Ayol xushxabardan darhol o`ziga kelolmadi. Xuddi bu gapning yaxshi xabar ekanligini ham uqmagandek gungu lol bo`lgancha turaverdi.
– Meni eshityapsizmi?..
– Ha, – dedi ayol, keyin shoshib so`radi: – Biror gap aytdimi?   
– Aytdi. Shuni aytmoqchiydim. Bugun uni kardiologiya bo`limiga o`tkazamiz. “Tixiy chast”dan keyin oldiga kelishingiz mumkin. Kelsangiz, albatta, qora ko`ylagini olib kelarkansiz...
Ayol go`shakni qo`yib deraza yoniga bordi. Qish oyoqlab, havoga yaqinlashib kelayotgan bahor tafti urib qolgani uchunmi, endilikda qor o`rniga ertalabdan go`yo uning dardlariga aylanib  yog`ayotgan yomg`ir tina boshlagan edi. U xona burchagidagi kiyim shkafini ochdi. Qora ko`ylak ham barcha ko`ylaklar qatorida ilgakda osig`liq turardi, lekin u boshqa ko`ylaklardek birini ustiga biri kiydirilib emas, balki alohida kiyim ilg`ichga osib qo`yilgan edi. Ayol ko`ylakka mehr bilan qo`l cho`zdi va uni ilgakda turganicha olib yonidagi yakandozlar taxlami ustiga ohista qo`ydi, mehri tovlangancha  qora ko`ylakni uzoq siladi.
Tashqarida osmon dardlarini aytib yog`ayotgan yomg`ir tina boshlagan, ammo endi ayolning ko`zlaridan yomg`ir bo`lib sevinch  yoshlari oqardi...
ADHAM DAMIN

Sharhlar

​QIMMATGA TUShGAN “MUHABBAT”

25.07.2017, 11:04

Biron bir ishni boshlash oson kechmaydi. Nemislarda ham “hamma ishning boshlanishi og`ir” degan maqol bor. Qancha mehnat, mablag` va tinimsiz harakat zarur. Hujjatlarni to`g`rilash, ma`lum...
​Shubhaga ergashib…

11.07.2017, 12:11

Nasiba ko`zini to`yxonaning to`rt tomoniga yugurtirib erini izlay boshladi. Qani u? Topolmagach, o`rnidan turdi-da, butun tashvishlarini unutib sho`x taronaga raqs tushayotganlarni oralab, eshik tomon yurdi....
​Yaproqdagi nur

29.06.2017, 14:11

Qizlar yotoqxonasining yuqori qavatiga ko`tarilayotganimda qattiq hayajonlanib ketdim. Ko`rishmaganimizga ham ancha bo`ldi. Qanday kutib olarkin? Nimadan gap boshlasam ekan? Bu uchrashuvimiz nima bilan tugarkin? Har...
​MEHRIBON

28.06.2017, 15:27

Sobira kalendarga qaradi. O`n ettinchi fevral… Ertaga o`g`li bilan uchrashadi. Ikkilarining ham tug`ilgan kunlari. Yuragini temir qo`llar g`ijimlagandek bo`ldi. Sog`ingan, juda-juda sog`ingan…Uch yil muqaddam…Sobira o`zi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1