2025 yil 1 avgustdan boshlab O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 10 foizga oshirilib, 1 million 271 ming so‘m etib belgilanadi. Bu o‘zgarish safarbarlik chaqiruv rezervida (SSR) xizmat qiluvchi fuqarolar uchun to‘lanadigan bir oylik harbiy xizmat haqiga bevosita ta’sir qiladi.
Mazkur to‘lov summasi minimal ish haqi miqdorining 7 barobariga teng hisoblanadi. Shunday qilib, avgustdan boshlab bir oylik harbiy xizmat uchun to‘lov 8 million 85 ming so‘mdan 8 million 897 ming so‘mga oshadi. Ushbu to‘lov biryo‘la yoki yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi mumkin. Mablag‘lar Mudofaa vazirligining maxsus hisobraqamida jamlanib, harbiy xizmatchilar nafaqasi, moddiy-texnik baza mustahkamlanishi va xizmat ta’minotiga yo‘naltiriladi.
Safarbarlik chaqiruv rezerviga 27 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar qabul qilinadi. Ular oylik harbiy yig‘inlarda qatnashadilar, shuningdek, favqulodda vaziyatlar yoki qurolli tajovuz holatlarida haqiqiy harbiy xizmatga safarbar etilishi mumkin. 2019 yildan buyon bir oylik harbiy xizmat to‘lovi bosqichma-bosqich oshirib kelinmoqda.