Isroilning uch oylik blokadasidan so‘ng, “G‘azo Gumanitar Yordam Jamg‘armasi” (GHF) G‘azo sektorida oziq-ovqat tarqatishni qayta boshladi.
Ammo bu faoliyat BMT va bir qator mustaqil tashkilotlar tomonidan tanqidga uchradi.
Jamg‘armaning yordam markazlari G‘azoning janubida, Rafah shahri yaqinida joylashgan. Biroq yordam olish uchun fuqarolar Isroil armiyasi – “TASHAL” tomonidan tekshiruvdan o‘tishi shart qilib qo‘yilgan.
Bu esa xalqaro ekspertlar fikricha, Isroil “GHF” orqali aholini shimoldan janubga ko‘chishga majburlamoqchi, degan xavotirlarni uyg‘otdi.
Shuningdek, “GHF”sobiq rahbari, AQSH armiyasi faxriysi Jeyk Vud iste’foga chiqdi. U fond xalqaro gumanitar prinsiplar – xolislik, betaraflik va mustaqillikka amal qila olmaganini tan oldi.
“GHF” faoliyati bo‘yicha Shveysariyada tergov ishlari boshlangan. Ayni damda jamg‘armaning qonuniyligi ham savol ostida qolmoqda.