Turkmaniston va O`zbekiston Bishkekdagi issiqlik elektr stansiyasidagi avariyadan keyin Qirg`izistonga gaz etkazib berishda yordam beradi.
Bu haqda Qirg`iziston TIV rahbari Jeenbek Kuluboev hamda uning turkmanistonlik va o`zbekistonlik hamkasblari Rashid Meredov va Baxtiyor Saidovning telefon orqali muloqoti chog`ida ma`lum bo`ldi, deb xabar beradi Qirg`iziston TIV.
Xususan, O`zbekiston tomoni yordam sifatida Andijondan O`sh shahriga suyultirilgan gaz ballonlari jo`natilishini ma`lum qilgan.
O`z navbatida Turkmaniston TIV rahbari Meredov Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov topshirig`iga ko`ra Turkmaniston tomoni Qirg`iziston Respublikasiga suyultirilgan gaz etkazib berish ko`rinishida gumanitar yordam ko`rsatishga tayyorligini ma`lum qildi.
2 fevralga o`tar kechasi Bishkekdagi issiqlik elektr stansiyasida avariya yuz berib, besh kishi jabrlangan edi.