Ekologiya vazirligi tomonidan “Angren issiqlik elektr stansiyasi” faoliyati tekshirildi va uglerod oksidi belgilangan me`yordan 4,37 barobar, azot oksidi 7,68 barobardan 15,24 barobargacha yuqori ekanligini ma`lum bo`ldi.
Holat bo`yicha 2023 yil 4-choragi va 2024 yil yanvar-fevral oylarida atmosfera havosiga tashlanadigan tashlamalar me`yoridan oshganligi uchun qo`shimcha ravishda 140,7 mln so`m kompensasiya to`lovi belgilandi. Shuningdek, 2022–2023 yillari korxona faoliyati davomida yo`l qo`yilgan kamchiliklar uchun 2022 yil uchun 263,7 mln so`m va 2023 yil uchun 129,1 mln so`m kompensasiya to`lovi qo`shimcha ravishda hisoblandi.
Korxonaga nisbatan atmosfera havosiga etkazilgan zarar uchun jami 533,6 mln so`m kompensasiya to`lovi belgilandi.
Bundan tashqari, tekshiruv ishlariga to`sqinlik qilgan Angren IES xodimi D.M.ga nisbatan MJtK bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, hujjatlar sudga yuborish uchun tayyorlanmoqda.
Ma`lumot uchun, avvalroq Yangi Angren IES faoliyati tekshirilib, atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli moddalar belgilangan me`yorlarga nisbatan yuqori ekanligi va chang-gaz tozalash uskunalari talabga javob bermasligi aniqlangandi.






