Zakotni o`zaro tug`ilish aloqasi bo`lganlar, ya`ni, ota-onasi, bobo-momosi, o`g`il-qizlari va ularning farzandlari, er-xotinlik aloqalari bo`lganlar, ya`ni, er yoki xotinga berishi mumkin emas. Shuningdek, o`zga din vakillari, nisob miqdoricha moli bo`lgan kishilarga ham zakot berilmaydi.
Aka-uka, opa-singillarga kelsak, ushbu savolga mo`tabar fatvo kitoblarimizda shunday javob berilgan:
“Zakot, fitr va nazrni berishda eng afzali avvalo aka-uka, opa-singillar hisoblanadi. So`ng ularning farzandlari. Ulardan keyin amaki-ammalar, so`ng ularning farzandlari. Keyin tog`a-xolalar va ularning farzandlari, so`ng yuqoridagilardan boshqa qarindoshlar. Ulardan keyin navbat bilan qo`shnilar, hamkasblar, hamshaharlar yoki qishloqdoshlar haqlidirlar” (Fatavoi hindiyya).
“Bahrur roiq” kitobida: “Qarzi bor kishiga zakot berish faqirga zakot berishdan ko`ra afzaldir”, deyilgan.
Demak, agar aka-uka yoki opa-singillar zakot berish nisobiga ega bo`lishmasa zakot berish uchun eng afzal kishilar hisoblanar ekan. Zakot berishni yaqin qarindoshlardan boshlansa, ham Alloh taoloning buyrug`i ado bo`ladi, ham qarindosh-urug`lik rishtalari mustahkamlanadi. Silai rahmga amal qilish – Alloh taoloni rozi qiladigan ishlardan biridir. Vallohu a`lam.
O`zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay`ati.