O'zbekiston hududida bronza davriga mansub, taxminan 4 ming yil avval yashagan bolaning bosh suyagida trepanatsiya — ya'ni kalla suyagini teshish amaliyoti izlari aniqlangan. Bu haqda Turkiyaning "Arkeofili" jurnalida chop etilgan maqolada ma'lum qilingan.
Qayd etilishicha, taxminan 5 yoshida vafot etgan bolaning skeleti so'nggi oylarda olib borilgan arxeologik qazish ishlari davomida topilgan. Shu qabrdan 3 yosh atrofida vafot etgan yana bir bolaning qoldiqlari ham aniqlangan.
Mutaxassislar 5 yoshli bolaning bosh suyagida tosh yoki suyakdan yasalgan asboblar yordamida amalga oshirilgan trepanatsiya izlari yaqqol ko'rinishini ta'kidlamoqda. Ilmiy taxminlarga ko'ra, bunday amaliyot qadimda epilepsiya, migren yoki ruhiy kasalliklarni davolash maqsadida qo'llanilgan bo'lishi mumkin.
Kashfiyot O'zbekiston janubida, Afg'oniston chegarasiga yaqin hududda, Italiya va O'zbekiston arxeologlari hamkorligidagi ekspeditsiya davomida amalga oshirilgan.
Qazish ishlari bronza davriga oid Jarqo'ton manzilgohi hududida olib borilgan bo'lib, olimlar uni miloddan avvalgi III ming yillik oxirlariga mansub deb hisoblaydi. Jarqo'ton o'sha davrda Oks sivilizatsiyasi (Baqtriya–Marg'iyona arxeologik majmuasi)ning muhim shahar markazlaridan biri bo'lgan.
Tadqiqotchilar mazkur sivilizatsiya yirik daryo va vohalar bo'ylab rivojlanganini, kuchli qishloq xo'jaligi hamda boy moddiy madaniyatga ega bo'lganini qayd etgan. Uning inqirozi esa ehtimoliy iqlim o'zgarishlari va daryolar oqimining o'zgarishi bilan bog'liq bo'lgan.
Italiyalik arxeolog Enriko Askalone bu topilmani shunday izohlagan: "Jarqo'ton bizni hanuz hayratga solmoqda. 4 ming yil avval Markaziy Osiyoda bolaga bunday murakkab jarrohlik amaliyoti o'tkazilgani juda g'aroyib holat".
Olimlar ta'kidlashicha, ushbu kashfiyot qator savollarni ham keltirib chiqaradi: operatsiyani kim amalga oshirgan, qanday tibbiy bilimlar qo'llanilgan va nega aynan ushbu bola tanlangan — bu masalalar keyingi tadqiqotlarda o'rganiladi.






