Hujjatga ko‘ra, 31 yoshga to‘lmagan fuqarolar uchun yangi imtiyozli kredit mahsulotlari joriy etiladi. Ular o‘z biznesini boshlash istagidagi yoshlar, talabalar, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari hamda yoshlarni ish bilan ta’minlayotgan tadbirkorlarni qamrab oladi.
Qarorga muvofiq, yoshlarga Markaziy bankning asosiy stavkasiga 4 foiz punkt qo‘shilgan yillik stavkalarda 7 yilgacha muddatga kreditlar ajratiladi. Bunda asosiy qarz bo‘yicha 1 yilgacha, foiz to‘lovlari bo‘yicha esa 3 oygacha imtiyozli davr belgilanadi.
Shuningdek, xorijiy tillar, raqamli texnologiyalar va zamonaviy kasblarni o‘rganish uchun 20 million so‘mgacha, internet-do‘konlar, frilans, moblografiya va ijtimoiy tarmoqlarda marketing bilan bog‘liq loyihalar uchun 50 million so‘mgacha mikrokreditlar ajratiladi.
Kasanachilik, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash loyihalari uchun ham 50 million so‘mgacha, nonvoychilik va qandolatchilik yo‘nalishidagi faoliyat uchun esa 100 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar berish ko‘zda tutilgan.
Mol-mulk garovi asosida skverlar, turistik hududlar va boshqa jamoat joylarida savdo nuqtalari tashkil etish uchun 200 million so‘mgacha, yo‘lovchi tashish va yuk yetkazib berish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish uchun esa 300 million so‘mgacha kredit ajratiladi.
Qaror bilan “Yoshlar uchun ish o‘rinlari” loyihasi ham joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, kamida ikki nafar ishsiz yosh uchun ish o‘rni yaratgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga 2 milliard so‘mgacha kredit beriladi.
Shuningdek, har bir 1 milliard so‘m mablag‘ hisobiga kamida ikki nafar ishsiz yoshni ishga qabul qilish sharti bilan yuridik shaxslarga 10 milliard so‘mgacha, 1000 nafardan ortiq fuqaroni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlarga franchayzing tarmoqlarini kengaytirish uchun ham 10 milliard so‘mgacha kredit ajratiladi.
Bundan tashqari, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida talabalar, bitiruvchilar va yosh tadbirkorlarga biznes g‘oyalarini amalga oshirish uchun alohida kredit liniyalari ochiladi. Ular miqdori loyihaning ko‘lamiga qarab 20 million so‘mdan 2 milliard so‘mgacha bo‘ladi.
Talabalar va yoshlarni ish bilan ta’minlayotgan tadbirkorlarga esa 7 yilgacha muddatga, 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 10 milliard so‘mgacha kredit ajratilishi belgilandi.






