AsosiyJAMIYAT

Mirziyoyev va Putin Sankt-Peterburgda uchrashadi

Ma'lum qilinishicha, davlat rahbari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan Sankt-Peterburg shahriga tashrif buyuradi.

'Mirziyoyev va Putin Sankt-Peterburgda uchrashadi'ning rasmi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4–5 iyun kunlari amaliy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida bo'ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Ma'lum qilinishicha, davlat rahbari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan Sankt-Peterburg shahriga tashrif buyuradi.

Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev "Pragmatik muloqot – barqaror kelajak sari yo'l" shiori ostida o'tadigan XXIX Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi majlisida ishtirok etadi hamda nutq so'zlaydi.

Prezident o'z chiqishida jahon iqtisodiyotidagi bugungi vaziyat, O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlik istiqbollari, shuningdek, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlari xususida fikr bildirishi kutilmoqda.

Tashrif dasturidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv ham o'rin olgan. Muzokaralar davomida ikki davlat o'rtasidagi strategik sheriklik va ko'p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, O'zbekiston rahbari mamlakatda barpo etilayotgan birinchi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi qurilishi boshlanishiga bag'ishlangan marosimda ham ishtirok etadi.

    Boshqa yangiliklar