AsosiyJamiyat

Yuzaga kelgan suv toshqini oqibatida jarohat olganlar yo`q

'Yuzaga kelgan suv toshqini oqibatida jarohat olganlar yo`q'ning rasmi

Kecha, 21-mart kuni Qumqo`rg`on tumani hududidagi qir-adirliklarda kuchli yomg`ir yog`ishi natijasida yig`ilgan yomg`ir suvlari Arnali soy orqali “Elobod” mahallasiga kirib kelgan. Ko`p miqdordagi yomg`ir suvlari mahalla hududidagi ichki suv tarmoqlariga sig`masdan, hududdagi 2 ta ichki ko`chalarda joylashgan 47 ta xonadonning hovli va tomorqalariga, ayrim turar-joylar ichkarisiga kirgan.

Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, kuchli yomg`ir suvlari “Azlarsoy” soyidan toshib, soy quyisida joylashgan “Azlarsoy” mahallasi hududidagi 5 ta ichki ko`chalarda joylashgan 56 ta xonadonning hovli va tomorqalariga, ayrim turar-joylarga suv kirgan. 

Toshqin oqibatlarini bartaraf etish va aholining xavfsizligini ta`minlash maqsadida, “Azlarsoy” mahallasidagi 56 ta xonadondan 210 nafar va "Elobod" mahallasidagi 32 ta xonadondan 150 nafar aholi xavfsiz hududda joylashgan yaqin qarindoshlarining uylariga vaqtincha ko`chirildi. Tuman markazidagi “Yangi shahar” mahallasida joylashgan 2 ta 4 qavatli uylarning erto`lasiga yig`ilgan toshqin suvlari yong`in-qutqaruv texnikalari va motopompalar yordamida chiqarib tashlandi.

Qumqo`rg`on tumani “Elobod” mahallasi hududidan o`tuvchi M-41 “Almata-Bishkek-Dushanbe-Termiz” avtomobil yo`lining 1535-1536 km oralig`ida transport vositalari va yo`lovchilar xavfsiziligini ta`minlash maqsadida, vaqtinchalik harakat cheklanib, suv toshqinlari tugaganidan so`ng, yo`lga yig`ilgan loyqalar maxsus texnikalar yordamida tozalanib, soat 21:00 da ikki tomonlama transport qatnovi to`liq tiklandi.

Ushbu hududda sodir bo`lgan toshqin suvlari Termiz mintaqaviy temir yo`l uzeli UKga qarashli, “Qumqo`rg`on–Elbayon” peregoni PK 8-9 temir yo`l ostidan o`tgan suv quvuriga sig`maganligi natijasida, temir yo`lning taxminan 0,4 km qismidan toshib o`tib, shag`al qoplamasini qisman yuvgan. Termiz mintaqaviy temir yo`l uzuli UKning 200 nafar ishchi-xizmatchilari, avariya tiklash poezdi, 2 ta avtoyuklagich, 1 ta ekskvator yordamida, 28 ta vagonlarda olib kelingan shag`al temir yo`lning zarar ko`rgan uchastkasiga yotqizilib, ta`mirlash va tiklash ishlari bajarildi hamda bugun, 22-mart kuni soat 07:00 da temir yo`l harakati to`liq tiklandi.

Ayni vaqtda “Elobod” mahallasi ichki ko`chalari, yo`llar va boshqa joylarni loyqadan tozalash ishlari amalga oshirilmoqda. Tezkor tadbirlarga 462 nafar xodim, 7 ta texnika, 11 ta motopompa, 24 ta muxandislik texnikalari jalb qilingan.

Yuzaga kelgan suv toshqinlari oqibatida jarohat olganlar yo`q.

Holat shaxsan viloyat hokimining nazoratiga olingan bo`lib, kechaning o`zida hodisa joyiga viloyat hokimining o`rinbosarlari, FVV vakili, FVB, IIB, MGB boshliqlari, tuman hokimligi, sektor rahbarlari, korxona va tashkilot mutasaddilari etib borishgan hamda toshqinga qarshi viloyat tezkor shtabi tuzilgan. Hozirda tezkor shtab tomonidan hodisa oqibatlarini o`rganish, etkazilgan talofatlarni bartaraf etish, aholiga ko`mak berish choralari ko`rilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat rahbariga axborot berib borilmoqda.

Bundan tashqari, viloyatning Sho`rchi, Sherobod va Bandixon tumanlarining ayrim mahallalarida ham ko`p miqdorda yomg`ir yog`ish hodisalari sodir bo`lgan bo`lib, yomg`ir suvlari hududlardan oqib o`tuvchi sel yo`llari orqali xavfsiz oqib o`tgan. Ushbu hududlardan talofatlar to`g`risida ma`lumotlar kelib tushmagan.

    Boshqa yangiliklar