Prezident Shavkat Mirziyoev 23 mart kuni Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotda unga va do`st Rossiya xalqiga Moskva viloyatidagi "Krokus Siti Xoll" konsert zalida sodir etilgan terrorchilik harakati oqibatida ko`plab insonlar qurbon bo`lgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.
Davlat rahbari O`zbekistonning ko`p millatli xalqi nomidan vafot etganlarning oila a`zolariga bardamlik, jarohatlanganlarga tez fursatda shifo topishlarini tiladi. Begunoh insonlarga qarshi qaratilgan ushbu jinoyat yana bir bor qat`iy qoralandi.
Rossiya etakchisi, o`z navbatida, O`zbekiston Prezidentiga ushbu og`ir damda bildirilgan dalda so`zlari va zarur ko`makni ko`rsatishga tayyorligi uchun minnatdorlik bildirdi. Mamlakatlarimiz xavfsizligi va barqaror taraqqiyotiga tahdid bo`lgan ushbu yovuz kuchga kurashish bo`yicha ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.






