AsosiyJamiyat

“Farovon”ning yo`li qachon ravon bo`ladi? (video)

'“Farovon”ning yo`li qachon ravon bo`ladi? (video)'ning rasmi

Uncha-muncha muammoni ovoza qilishni andisha qiladigan xalqmiz. Ammo ko`pni qiynaydigan masala, ayniqsa, yo`l bilan bog`liq nuqson bo`lsa, uni yashirishni ham, unga shunchaki tomoshabin bo`lishning ham imkoni yo`q. 

Angor tumanining “Farovon” mahallasida yashovchi odamlar shu ko`yga tushgan. Tuman markazdan uncha olis bo`lmagan manzilda 800 yaga yaqin xonadon, 4 ming 560 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. O`tgan yili keng ko`lamli yo`lsozlik ishlari amalga oshirilgan. Xususan, 2,5 kilometr asosiy yo`lga asfalt yotqizilgan bo`lsa, aksariyat ichki ko`chalarga tosh-shag`al aralashmasi to`shalgan. Biroq “Mustaqillik” ko`chasida yashovchilar negadir bundan bebahra qolishgan. 

-Ayrim ko`chalar asfal`t qilingani rost, - deydi O`ral Bozorov. - Yoz oylarida yo`limizning nosoz joylariga tosh to`kilib, biroz tekislangandi o`shanda. Asfalt qoplama yotqiziladi, shunga tayyorlayapmiz, deyishgandi mutasaddilar. Ammo bu yolg`on bo`lib chiqdi. Qo`ynimizni puch yong`oqqa to`ldirishgan ekan ular. Mana, 8 oydan oshdiki, na asfalt bor, na berilgan va`da bajarildi? Aslida ko`cha nari borsa 1,5 kilometr bo`lib, bir nechta mahallani Muzrabot tumani bilan bog`laydi. O`nqir-cho`nqir joylardan avtomashina arang harakatlanadi. Goh chapga, gohida o`ngga og`adi ulovlar. Yog`in-sochinli kunlarda odamlar loyga botsa, jaziramada uylarimizni chang qoplaydi. Nima qilish va qanday yo`l tutishga hayronmiz. 

...Avtomashinada ko`cha bo`ylab harakatlandik. Almisoqdan qolgan bu yo`llar birinchi va oxirgi marta 1985 yillarda asfaltlangan ekan. Uning har 100-150 metrida 10-15 metrli ta`mirtalab joyga ko`zingiz tushadi. Xulosa qilib aytganda, 200-250 metr joy nihoyatda abgor ahvolda. 
Mazkur yo`lga yondosh ko`chalar asfal`t qilingan. Faqatgina shu yo`lga mutasaddilar o`gay ko`z bilan qarashgan shekilli, butkul unutilganga o`xshaydi. 

- Yaqinda ish boshladim, - deydi “Farovon” mahalla fuqarolar yig`ini raisi Norali Xudoynazarov. – Shu yo`l og`riqli nuqtalarimizdan biri bo`lib qolmoqda. Ma`lum bo`lishicha, davlat dasturiga kiritilmagani uchun ta`mirtalab bo`lib qolgan... 

 ¬- Ko`chib kelganimizga 40 yildan oshdi, - deydi Hadicha Xolmirzaeva. Ko`chada qariyb 30 dan ortiq xonadon bor. To`g`risi, yashashga qiynalib qoldik. Yo`limiz past-baland, o`nqir-cho`nqir, chang, g`ubor, loy... To`g`risi, bunday ayanchli ahvoldan allaqachon bezib qolganmiz. Bolalarimizning qiynalgani-chi? Ular uchun maktabga qatnash mashaqqat bo`lib qolgan. 

-Yana bir gap, - deydi Tohir Jumaev. -“Open byudejed”ga qo`yaylik, desak buning iloji yo`q ekan. - Chunki, davlat ahamiyatiga molik yo`l emish... “Tashabbusli loyiha”da qatnashgan bilan 30 dan ortiq xonadon vakillari g`olib bo`lishiga kim ham ishonardi... 

Xo`sh, Angor tumanidagi “Farovon” mahallasining “Mustaqillik” ko`chasida yashovchilar tekis va ravon yo`llardan yurishga umid qilsa bo`ladimi. Yoki bu niyatlar orzuligicha qolib ketadimi? 
 

                                                                                                                                                                                                                                         "Darakchi" uchun maxsus Sobit Qaynarov.

    Boshqa yangiliklar