Odamzodning fe`li qiziq: avvaliga mashaqqatlardan qiynalsa, keyinchalik unga ko`nikadi, bora-bora esa butkul o`rganib qolishi tabiiy. Tahririyatimizga Surxondaryo viloyatining Uzun tumani “Saxovat” mahallasi “Qo`shqoq” qishlog`idan kelgan murojaat ham bunga isbot, deyish mumkin.
O`zgarish va yangilanishlar bor, ammo...
Gap shundaki, qishloqda istiqomat qilayotgan 300 ga yaqin xo`jalik ahli ham allaqachon nosoz yo`llarga o`rganib qolishgan. Mahallada uchta qishloq bo`lib, aholi tarqoq joylashgan. “Qo`shqoq” esa adirliklarga tutashib ketgan. Paydo bo`lish tarixi yuz yillarga borib taqaladigan hududda bir yarim mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ikkita g`isht ishlab chiqaradigan zavod hamda o`nga yaqin fermer xo`jaliklari faoliyat yuritmoqda. Ikkita oilaviy bog`cha va 47-umumiy o`rta ta`lim maktablari bor. Xullas, qishloq odamlari o`zgarish va yangilanishlardan mamnun.
O`n yildan beri qiynayotgan muammo ham yo`q emas
Surxondaryo viloyatining Uzun tumani “Saxovat” mahallasi “Qo`shqoq” qishlog`i aholisinibir necha o`n yildan buyon yo`l masalasi qiynab keladi. Qishloqqa olib boruvchi 5 km ko`chaning bugungi ko`rinishi rang ko`r, hol so`r ahvolda. Yanayam to`g`risini aytganda yog`in-sochinli kunda bamisoli anhor ko`rinishini olsa, kunlar isishi bilan shudgor qilingan dalaga o`xshaydi. Loy, sirpanchiq, past-baland, o`nqir-cho`nqir... Murojaatchilarning qayd etishicha, ko`pning dardiga aylangan bu masala yuzasidan 10 yildan buyon tuman va viloyat hokimliklariga murojaat qilib kelingan.
O`roq Abdunazarov:
– Aslida bu yo`l yuz yillar oldin paydo bo`lgan. O`shanda ham asfalt qilinmagan edi. O`tgan asrning 85-yillaridan keyin bir martagina qumli shag`al to`kildi, xolos. Yozning saratonida atrofni chang qoplaydi. Osmonda bulut paydo bo`lishi bilan xavotirga tushamiz. Farzandlarimiz loy kechib, son-sanoqsiz ko`llardan o`tishga majbur. Kuz, qish va bahor oylarida biz tomonlarga tez tibbiy yordam mashinasi nari tursin, hatto, maxsus avtomashinalarning harakatlanishi ham amrimahol.
Ergash Allayorov:
– Mahallamizning boshqa qishloqlaridagi ko`chalar obod bo`lgani rost. Ayrimlari asfalt qilingan bo`lsa, ba`zilarida tosh to`kilib tekislandi. Ammo bizning qadimiy yo`limiz hamon o`sha-o`sha – ham kuyasiz, ham rahmingiz keladi.
Nomoz Yo`ldoshev:
– Ko`pning dardiga aylangan masala yuzasidan 10 yildan buyon tuman va viloyat hokimliklariga murojaat qilib kelayapmiz. Bir necha bor sayyor qabullarda bo`ldik. Va`dalar berildi. Natijasiga kelganda esa... Masalan, joriy yil mart oyining ikkinchi o`n kunligida viloyat hokimligida bo`ldim. Viloyatimiz hokimi Ulug`bek Qosimov yaxshi kutib oldi. Holatni joyiga borib o`rganish va tegishli chora-tadbir ko`rish yuzasidan mutasaddilarga ko`rsatmalar berib ishontirgandi. Afsuski, mas`ullardan hamon darak yo`q.
Xo`sh, mutasaddilar nima deydi?
Chori Jo`raev, “Saxovat” mahalla fuqarolar yig`ini raisi:
– O`tgan yili qator yutuqlarga erishdik. Xususan, “Open byudjet” loyihasi doirasida “Yangi sharq” qishlog`imizdagi 38-maktabda kutubxona, ma`muriy bino va sport zali foydalanishga topshirildi. “Mening yo`lim” loyihasi bo`yicha esa Nuroniy ko`chasining 2,5 km.i asfaltlandi. Hozirgi kunda mazkur loyihalar orqali 47-maktab uchun sport zali hamda “Qo`shqoq”ga eltuvchi yo`lni ta`mirlash uchun harakat qilmoqdamiz.
Mirzobek Jo`raev, Uzun tuman hokimligi axborot xizmati rahbari:
– O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi “Yo`l xo`jaligi sohasini yanada takomillishtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorining 15-bandida 2024 yildan boshlab xo`jaliklararo qishloq avtomobil yo`llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko`chalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta`mirlash uchun byudjet mablag`lari faqat “Mening yo`lim” dasturi orqali ajratilishi ko`rsatib o`tilgan. Shunday ekan, eng ko`p ovoz to`plash orqaligina loyihada g`olib bo`lib, maqsadga erishish mumkin.
Ammo holatni o`rganish oxirida tuman hokimi vakili Mirzobek Jo`raev uch kunda maxsus texnika va zarur yonilg`i ajratilib yo`l tekislanishini va`da berdi. Amalga oshirilgan ishlar suratlarini ham yuboraman, degandi o`shanda.
...To`g`ri, shu yilning 1 aprel` kuni “Qo`shqoq”dagi yuz yillik yo`lning ayrim joylari biroz tekislanibdi. Ammo xo`jako`rsin va o`lda-jo`lda amalga oshirilgan ishlardan qishloq ahli norozi. Xulosa o`zingizdan.
Sobit Qaynarov,
Surxondaryodan “Darakchi” uchun maxsus






