AsosiyJamiyat

Qiziltepa tumani "zam hokimi" jarimaga tortildi

'Qiziltepa tumani "zam hokimi" jarimaga tortildi'ning rasmi

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimi o`rinbosari O`lmas Istamov tumandagi tashkilotlar rahbarlarini “Open byudjet”ga majburiy ovoz yig`ishga undagani va 50 tadan 100 tagacha ovoz yig`magan rahbarlar ishdan olinishi aytilgan audioxabar tarqalgan edi.

Shundan so`ng biz holatni surishtirgandik. Surishtiruv davomida, mazkur holat Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo`yicha milliy komissiyasi tomonidan nazoratga olingani ma`lum bo`lgandi. 

Milliy komissiyaning o`rganish ishlari yakuniga etdi. Ma`lum qilinishicha, rahbarlarni "open byudjet"ga ovoz yig`ishga majburlagan "zam hokim" jarimaga tortildi.

Prokuratura va mehnat inspeksiyasi o`tkazgan o`rganishda hokim o`rinbosarining harakatlarida huquqbuzarlik aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 51-moddasi 1-qismi bilan jarima jazosi tayinlangan.

51-moddaning 1-qismiga ko`ra, mehnatga biron-bir shaklda ma`muriy tarzda majburlash 50–100 BHM (17 mln so`mdan 34 mln so`mgacha) jarima solishga sabab bo`ladi. Hokim o`rinbosari aynan qancha jarimaga tortilgani ma`lum qilinmadi.

“Milliy komissiya barcha mas`ullarni, shuningdek, ish beruvchilarni, hudud rahbarlarini xodimlarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta`minlashga chaqiradi.

Shu o`rinda Konstitusiyamizga muvofiq har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun adolatli haq olish huquqiga egaligi, shuningdek, mamlakatimizda majburiy mehnat taqiqlanganligi hamda milliy qonunchiligimizda bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun ma`muriy va jinoiy javobgarlik belgilanganligi haqida eslatib o`tamiz”, – deyiladi komissiya bayonotida.

    Boshqa yangiliklar