1

Yangiyo`lda ikki talaba 56 yoshli taksi haydovchisini pichoqladi

Jamiyat 30.04.2024, 15:41
Yangiyo`lda ikki talaba 56 yoshli taksi haydovchisini pichoqladi

Toshkent viloyatining Yangiyo`l tumanida 2 nafar yigit 56 yoshli taksi haydovchisini pichoqladi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov darakchi.uz’ga ma`lum qildi.

Joriy yilning 27 aprel kuni soat 23:30 atrofida M.Z. va M.D. qasddan odam o`ldirish va o`zganing mulkini egallash maqsadida oshxona pichog`i bilan qurollanib, Chilonzor tumanida joylashgan "Olmazor" metro bekati yoniga kelib, “Yandex Taxi” mobil ilovasi orqali taksi buyurtma berishgan.

Ularning chaqiruviga asosan,  Gentra avtotransporti haydovchisi A.Ch. etib kelgan.

Ular taksiga o`tirib, oldindan tuzilgan rejaga muvofiq, «Toshkent-Termiz» avtomobil yo`li orqali Yangiyo`l tumani hududiga borishgan.

So`ngra avtomashinani to`xtatishib, atrofda hech kim yo`qligidan foydalanib, oldindan tuzilgan rejani amalga oshirishni boshlashgan. Orqa o`rindiqda o`tirgan M.D. yonida bo`lgan oshxona pichog`i bilan A.Ch.ning bo`yin o`ng orqa sohasiga bir marotaba urib, bo`ynini qo`llari bilan bo`g`ayotganda haydovchi A.Ch. qarshilik qila boshlagan. Old yon o`rindiqda o`tirgan M.Z. esa jabrlanuvchining qo`llarini ushlab turgan vaqtida tuman IIBning tungi navbatchilik guruhi a`zolari etib kelgan va 2 yigit qo`lga olingan.

Tibbiy ma`lumotnomaga asosan, fuqaro A.Ch.ning bo`yin o`ng tomon sohasida urib, sanchilgan jarohatlar aniqlanganligi ma`lum qilingan.

Qayd etilishicha, hodisa joyidan bir dona oshxona pichog`i va qonga o`xshash dog`lar ashyoviy dalil sifatida prosessual tartibda hujjatlashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan JKning 25, 97-moddasi 2-qismi «i, p» bandlari va 164-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, fuqarolar M.Z. va M.D.ga ayblov e`lon qilingan va qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1