Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasini jalb qilgan holda tezkor tadbirlar o`tkazildi.
Jumladan, Andijon shahri va Andijon tumanida yashovchi, 1985, 1997 va 2000 yillarda tug`ilgan 4 nafar shaxs “Do`stlik” chegara-bojxona posti orqali mamlakatimizdan Qirg`iz Respublikasiga zanjir, tish qolipi hamda lom shaklidagi tilla buyumlarni – kiyimlari ichiga yashirgan holda olib chiqib ketishga uringan vaqtlarida ushlandi.
Ekspertiza xulosasiga ko`ra, ulardan ashyoviy dalil sifatida olingan, asillik darajasi 997 bo`lgan oltin buyumlar va qotishmalarning jami vazni 556 gr.ni, umumiy bahosi 474 mln. 256 ming. so`mni tashkil etadi.
Boshqa holatda esa Izboskan tumanida yashovchi, 1983 y.t. ayol “Madaniyat” chegara-bojxona posti orqali Qirg`iz Respublikasiga chiqib ketayotgan vaqtida to`xtatilib, tegishli tartibda shaxsiy ko`rikdan o`tkazildi.
Natijada, unda yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan zanjir va lom ko`rinishidagi, umumiy vazni 568 gr.ni tashkil etuvchi, asillik darajasi 992 bo`lgan oltin borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. Ekspertiza xulosasiga ko`ra, ushbu tilla buyumlar va quymalarning umumiy bahosi 431 mln. 894 ming so`mni tashkil etadi.
Shuningdek, uning sherigi bo`lgan – Namangan tumanida yashovchi, 1983 y.t. ayol ham asillik darajasi 992 bo`lgan, sof og`irligi 271 gr.ni tashkil qiluvchi, 249 mln. 240 ming so`mlik zanjir va nostandart quyma tillalarni noqonuniy olib chiqib ketayotgan vaqtida to`xtatib qolindi.
Aniqlanishicha, qonunbuzarlar oltindan yasalgan buyumlarni Qirg`iz orqali Turkiya davlatiga olib ketishni rejalashtirishgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.