Surxondaryoda maktab o`quvchilari ikkita bolani kaltaklagani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Holat yuzasidan Surxondaryo viloyati IIB Matbuot xizmati izoh berdi.
Aniqlanishicha, mazkur holat joriy yilning 9 aprel kuni sodir bo`lgan. 2006 yilda tug`ilgan B.N. va M.N.lar oldindan o`zaro jinoiy til biriktirib 59-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabining oldidagi yo`lda o`ziga oldindan tanish bo`lmagan 2001 yilda tug`ilgan X.J. bilan hech bir sababsiz tortishib, janjallashgan.
Janjal vaqtida voyaga etmagan B.N. va M.N.lar qo`llari bilan X.J.ni duch kelgan joylariga urib, oyoqlari bilan yuziga tepib, tan jarohati etkazganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan voyaga etmagan B.N. va M.N. larga nisbatan JKning 277-moddasi 2-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.