Adliya vazirligi tomonidan “Tartibga solish gilotinasi” mavzusida matbuot anjumani o`tkazildi.
Anjumanda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 6 maydagi 266-son qarori bilan “Tartibga solish gilotinasi” usuli orqali Hukumatning 493 ta qarorini o`z kuchini yo`qotgan deb topilishi haqida ma`lumot berildi.
Bugungi kunda Qonunchilik ma`lumotlari milliy bazasi – Lex.uz da mavjud amaldagi qonunchilik hujjatlarining deyarli 93 foizini qonunosti hujjatlari tashkil etadi.
Har yili qabul qilinadigan 1,5 mingga yaqin qonunchilik hujjatlarining aksariyat qismini qonunosti hujjatlarida normalar bilan birgalikda vaqtinchalik (bir martalik) tashkiliy chora-tadbirlar ham nazarda tutiladi.
Milliy qonunchilik bazasining ortiqcha normativ-huquqiy hujjatlardan xoli bo`lishiga erishish va qonunchilik hujjatlarini maqbullashtirish natijasida tartibga solish yukini kamaytirish maqsadida mazkur Hukumat qarori qabul qilingan.
Shuningdek, ushbu amaliyot bir necha yillardan buyon davom etib kelmoqda, xususan Adliya vazirligi tomonidan norma ijodkorligi sohasida o`z ahamiyatini yo`qotgan qonunosti hujjatlarini bekor qilish doirasida “Tartibga solish gilotinasi” usuli qo`llanilib kelmoqda va ushbu yo`nalishda 2020 – 2023 yillarda 8 848 ta qonunosti hujjatlari bekor qilingan.
Matbuot anjumanida Adliya vazirligi tomonidan 2024 yil birinchi choragi davomidagi norma ijodkorligi faoliyatida amalga oshirilgan ishlar haqida ham to`xtalib o`tildi.
Ma`lumot o`rnida:
• mazkur davr mobaynida vazirlik tomonidan 57 ta
• normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilgan, 501 ta loyihalar huquqiy ekspertizadan o`tkazilgan.
• vazirlikka kiritilgan tartibga solish ta`sirini baholashdan o`tkazish zarur bo`lgan 173 ta loyihadan 52 tasi baholashdan o`tkazilmaganligi aniqlanib, bu bo`yicha tegishli xulosalar berilgan.
• korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazilgan 502 taloyihaning 60 tasida 101 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan.
• hisobot davri mobaynida 51 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjat davlat ro`yxatidan o`tkazilgan hamda 14 ta texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar davlat hisobiga olingan.
Soha vakillari jurnalistlarning bir qancha savollariga javob berdi. Darakchi.uz ham quyidagi savol bilan murojaat qildi:
— Hujjatlarni kamaytirishdan asosiy maqsad nima?
— Bu tartibga solish yukini kamaytiradi. Insonning elkasidagi yuki qancha kam bo`lsa, tezroq harakat qiladi. Qonunchilikda ham shunday, qaysi hujjat kerakligini biz tezda ishlab topishimiz uchun engilroq norma kerak bo`ladi. Shu nuqtai nazardan bizga engillik yaratish imkonini beradi.






