Bugun, 23 may kuni muborak haj safarini niyat qilgan hojilarimizning dastlabki guruhi muqaddas zamin tomon yo`lga chiqishdi. Bu haqda O`zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati xabar qildi.
Bo`lg`usi hojilarni kuzatish uchun O`zbekiston Respublikasi Prezidentining din va millatlararo munosabatlar masalalari bo`yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo`yicha qo`mitasi raisi Sodiqjon Toshboev, shuningdek, taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida bo`lishdi.
Muborak safar oldi Muftiy hazratlari Alloh taoloning bayti sari yo`l olayotgan ziyoratchilar eson-omon Haj amallarini bajarib, yurtimizga sog`-salomat qaytib kelishlarini so`rab xayrli duolar qildilar.
Shunday qilib, orzulari ro`yobidan his-hayajonga to`lgan “Haj – 2024” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo`nab ketdilar.
Eslatib o`tamiz, ziyoratchilar shu yilning 23 mayidan to 7 iyunga qadar haj safariga kuzatiladi.
Mamlakatimizning 10 ta hududiy aeroportidan ziyoratchilarimiz to`g`ridan-to`g`ri Madina shahriga haj safariga har kuni yuboriladi.
Barcha parvozlar "Uzbekistan Airways" AJ aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.






