Toshkentning Sergeli tumanida teplovoz va avtobus o`rtasida to`qnashuv sodir bo`lgandi. “O`zbekiston temir yo`llari” holatga izoh berdi.
Unda aytilishicha, “O`zbekiston” lokomotiv deposiga qarashli bo`lgan TEM2-1959 rusumli teplovozi avtomobil yo`li bilan kesishgan temir yo`l izidan me`yoriy tezlikni saqlab, hushyorlikni yo`qotmasdan, ogohlantiruvchi signal ishlatib kelayotgan vaqtda Qumariq—Aeroport yo`nalishdagi yo`lovchi avtobusi avtomobil yo`liga o`rnatilgan yo`l belgilariga (Stop) rioya qilmagan holda harakatni davom ettirgan.
Oqibatda lokomotiv va avtobus o`rtasida yo`l-transport hodisasi ro`y bergan.
“Toshshahartransxizmat” munosabatida teplovoz tartibga solinmagan temir yo`l kesishmasidan harakatlanib o`tishidan avval yo`nalish bo`ylab transport vositalarini to`xtatib turuvchi temir yo`l nazoratchi xodimi voqea joyida bo`lmagani sababli transport vositalarini to`xtatish choralari ko`rilmagani aytilgandi.
Yo`l-transport hodisasidan jabrlanganlar yo`q, holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






